Qonunchilikdagi yangiliklar. Oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtish shart
2025-10-12 23:00:00 / Yangiliklar

Joriy yil 10-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qonun yurtimiz fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
Unga koʻra, shaxslarning yashashi uchun uy-joy maydonini beruvchi turar joy mulkdori yoki uni tasarruf etish huquqiga ega shaxs ushbu shaxslarni yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazishi kerak.
Yuqorida sanab oʻtilgan shaxslar yangi manzilga kelgan kunidan 10 ish kuni ichida, xorijda doimiy yashovchi hamyurtlarimiz ham respublikamizga kirgan kunidan 10 ish kuni ichida, boshqa davlatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar esa Oʻzbekiston Respublikasiga kirgan kunidan 3 ish kuni ichida roʻyxatdan oʻtishlari shart.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishda endilikda Davlat xizmatlari markazlarida, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishda esa ichki ishlar organlarining tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Yana bir yangilik shuki, oʻz ota-onasining yoki ota-onasidan birining yashash joyi manzilida bolani yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishda mulkdorning turarjoy maydonini berish toʻgʻrisidagi roziligi talab etilmaydi.
©️ “Postda” gazetasi, Akmal Toʻrayev, leytenant.
