Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Muborak tumanida oʻrganishlar olib borildi
2025-10-12 09:00:00 / Yangiliklar

Viloyat IIB boshligʻi tumanning markaziy qismida joylashgan savdo majmuasida boʻlib, bu yerda mavjud videokuzatuv kameralarining ishlash holatini koʻzdan kechirdi. Savdo hududida kechki paytlarda qoʻriqlash xizmatini kuchaytirish, kuzatuv tizimini kengaytirish, tadbirkorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda mahalla faollari bilan birgalikda xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berdi.
Shundan soʻng, tuman Agrobank Muborak filiali faoliyati oʻrganildi. Bu yerda xizmat olib borayotgan Qoʻriqlash boʻlimi xodimlarining tungi navbatchilik tartibi, shuningdek, bank binosining himoya tizimi va signalizatsiya vositalarining ishlash holati bilan tanishildi.
Polkovnik Abduvoxid Ismoilov tomonidan binoni qoʻriqlashda xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish, videokuzatuv kameralarining samarali ishlashini taʼminlash va favqulodda vaziyatlarda xodimlarning harakat algoritmini takomillashtirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, oʻrganish jarayonida boshqarma boshligʻi Muborak tumanidagi “Sariq” mahallasida tashkil etilgan huquq-tartibot maskani faoliyati bilan ham tanishdi.
U yerda mahalla yettiligi, profilaktika inspektori va jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarning faoliyati oʻrganildi.
Mahalladagi kirish-chiqish joylariga oʻrnatilgan kuzatuv kameralarining sifati, ularning markaziy tizimga ulanganligi, shuningdek, jamoat joylarida oʻrnatilgan “SOS” tugmalari va yoritish vositalarining samarali ishlashi koʻzdan kechirildi.
Mahalla hududida fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash borasidagi ijobiy natijalar eʼtirof etilib, “Sariq” mahallasini “qizil” toifadan “sariq” va keyinchalik “yashil” toifaga oʻtkazish maqsadida qoʻshimcha choralar belgilandi hamda mahalla yettiligiga aniqlik kiritilgan vazifalar topshirildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









