Jizzax viloyati IIB boshligʻi general-mayor Gʻayrat Qodirovning viloyat aholisiga murojaati
2025-10-07 05:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Har qanday mamlakatning taraqqiy etishida osoyishtalik va xavfsizlikning taʼminlanganligi muhim hisoblanadi. Shu maʼnoda mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar va islohotlar samarador boʻlishining kafolati sifatida “Yangi Oʻzbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish dolzarb vazifaga aylantirildi. Bu oʻz navbatida ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan har bir xodimni vazifasiga vijdonan yondashgan holda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining himoyachisi sifatida xizmat qilishga undayapti.
Qadrli yurtdoshlar!
Jizzax viloyatida tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Buni jinoyatlarni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf qilish, koʻcha va jamoat joylarida xavfsiz muhit yaratish yuzasidan olib borilayotgan ishlar misolida yaqqol koʻrish mumkin. Shunga qaramay sodir etilgan har qanday qonunbuzilishi, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda hammamizni tashvishga solishi lozim.
Olib borilayotgan profilaktik hamda targʻibot tadbirlariga qaramasdan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarning 961 tasini oʻgʻirlik, 737 tasini firibgarlik bilan bogʻliq holatlar tashkil etadi. Bu turdagi jabrlanuvchilarning shaxsiy va bank plastik karta maʼlumotlarini sir saqlay olmasliklari hamda notanish zararli ilovalarga kirishlari oqibatida roʻy bergan.
Bugungi kunda olib borilgan tadbirlar natijasida 184 ta mahallalarda jinoyat sodir etilmadi. Hozirda 5,9 foiz mahalla qizil, 33,6 foizi sariq toifaga kiritilgan. Ammo qizil toifadagi mahallalar soni Zomin va Baxmal tumanlarida yuqoriligicha qolmoqda. Demakki ushbu hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishga qaratilgan ishlar va ijtimoiy profilaktik tadbirlarini yanada kuchaytirish lozimligini koʻrsatmoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Bugungi kunda viloyatda kriminogen vaziyatni sogʻlomlashtirish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, qonunbuzarliklarning asl omillarini oʻz vaqtida aniqlash va manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida mahallalar, savdo markazlari, taʼlim muassasalari kabi aholi gavjum maskanlarni videokuzatuv kameralari bilan jihozlash, “namunaviy xavfsiz yoʻlak” va “xavfsiz koʻcha”lar tashkil qilish, koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklariga tashvish tugmalari oʻrnatish ishlari davom ettirilmoqda.
Shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tegishli idoralar va tashkilotlar bilan hamkorlikda jinoyat sodir etilishiga sabab boʻluvchi ijtimoiy, psixologik va moddiy masalalarni hal qilish, har bir fuqaroda jinoyat va korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirish choralari koʻrilmoqda. Bu jarayonda har bir hududning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olinyapti.
Aziz yurtdoshlar!
Har birimiz tinchlik bebaho neʼmat ekanligini yaxshi his etamiz va anglaymiz. Shu nuqtayi nazardan Vatanimiz mustaqilligi va osoyishtaligini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, jinoyatchilikni jilovlash va korrupsiyaga qarshi kurashishda Sizning koʻmagingizga tayanamiz.
Qonunlarga qatʼiy rioya qilib, oʻzgalar huquq va shaʼni, qadr-qimmati va mol-mulki daxlsizligini hurmat qiling. Bu har birimizning ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanligini unutmang. Doimo ogoh va hushyor boʻling!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
