“Nurli maskan”larda. Intilganga tole yor
2025-10-09 23:00:00 / Yangiliklar

Oʻquvchining hayotida oʻziga xos oʻrin egallovchi ziyo maskani maktabda dunyoviy bilimlar oʻzlashtirib boriladi. Albatta, oʻquvchining kelajakda komil inson boʻlishida oʻqituvchining oʻrni beqiyos.
Viloyat IIB otaligʻiga olingan Samarqand shahridagi 59-sonli ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida 238 nafar oʻquvchi tahsil oladi. 2024-2025-oʻquv yilida maktabni 18 nafar oʻquvchi tugallab, ulardan 7 nafari talaba boʻldi.
Maskanda oʻquvchilar bilim olish bilan birga kasb-hunar ham oʻrganishlari uchun poyabzal ishlab chiqarish sexi tashkil etilgan. Bu yerda oʻquvchilar oyoq kiyimlar tayyorlashni oʻrganishayotgan boʻlsa, uning yonida tashkil etilgan tafting usulidagi toʻquvchilik boʻlimida suvenir gilamchalar toʻqishni oʻzlashtirishmoqda.
Lavhamiz qahramoni Jasur Mahmudov maktab-internatdagi oliy toifali oʻqituvchilardan biri. “Nurli maskan” maktab-internatida oʻquvchilarga taʼlim berayotgan yosh muallim bilim va malakasini yanada oshirish maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining teflopedagogika yoʻnalishida 6 oylik kursini ham tamomlagan.
Taʼlimda jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Oʻquvchilarda “Men qayerda oʻqisam va nimani oʻrgansam hayot yoʻlimni topaman”, degan faol yondashuv shakllanmoqda. Shuning uchun bugungi oʻquvchi talabini eskicha yondashuv bilan qondirib boʻlmaydi.
Innovatsion, interfaol va qiziqarli uslublar bilan dars oʻtish uchun biz oʻqituvchilar oʻz ustimizda ishlab, yangiliklardan, innovatsion taʼlim uslublaridan boxabar boʻlishimiz shart, — deydi Jasur Mahmudov. — Kimki ilmga yuzlansa, yangilikka intilsagina zamon va taraqqiyot bilan birga odimlaydi.
Jasur Mahmudov maktab-internatdagi maxsus qurilmada boshlangʻich sinf darsliklarini koʻzi ojiz oʻquvchilar uchun Brayl alifbosida chop etadi. — Bu ishni oʻzim yaxshi koʻraman, kitoblarni chin koʻngildan, bolalar uchun tayyorlayman, — deydi kamtarlik bilan. Jonkuyar ustoz ayni kunlarda “Yosh avlodda inklyuziv madaniyatni shakllantirish” mavzusidagi ilmiy ish ustida izlanishlar olib boryapti.
Darhaqiqat ustozlar ilhomlantiruvchi, oʻquvchilar faol boʻlsa, sinfxonalar kashfiyot maydoniga aylanar ekan. Toyloqlik Islombek Davronov 3-sinfda oʻqiydi. Til oʻrganishga, matematikaga juda qiziqadi.
Jasurbek kabi ustozlardan Vatanga fidoyilik, ahdga vafo, burchga sadoqat kabi ezgu fazilatlarni koʻrib tahsil olyapti. Hayotda faqat yaxshi oʻquvchi boʻlish emas, balki samimiy, odamlarga yaxshilik qiluvchi inson boʻlish sirlarini ham oʻrganyapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Har bir dars kitobda yozilganlarni oʻqish, vazifalarni aytishdan iborat emas. Sinfxonada jonli muhokamalar, qiziqarli savol-javoblar, ijodiy bahslar avj oladi. Bolalarning fikrlashi, izlanishi va munozara madaniyati shakllanmoqda.
Darvoqe, darsdan boʻsh vaqtlarida lavhamiz qahramoni oʻquvchilarga shaxmat saboqlarini ham oʻrgatadi. Jasur Mahmudovning shogirdlari orasida Respublika va jahon chempionati sovrindorlari ham bor. Intilganga tole, oʻqiganga omad yor boʻladi.
Bular hali Vatanga sodiq, yurtga fidoyi ajoyib insonlar boʻladi.
©️ “Postda” gazetasi, Umida Mamadaliyeva, Samarqand viloyati.
