Surxondaryo viloyati IIB va Termiz davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-10-07 14:20:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda axborot texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Ayniqsa, taʼlim sohasida zamonaviy innovatsion yechimlarni joriy etish, yoshlar ongiga ilgʻor gʻoyalarni singdirish va ularni zamon talabiga mos mutaxassis sifatida tayyorlashda axborot texnologiyalarining oʻrni beqiyosdir.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi binosida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Timur Ismailov va Termiz davlat universiteti rektori professor, Abuqodir Toshqulovlar oʻrtasida “Axborot texnologiyalari, taʼlim, psixologik, ijtimoiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik”ni koʻzda tutuvchi Memorandum imzolandi.
Mazkur hamkorlik hujjati amaldagi qonunchilik asosida ishlab chiqilib, ikki tomon oʻrtasida uzviy aloqalarni yanada mustahkamlash, oʻquv-amaliy jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish, shuningdek, huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda talaba-yoshlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etishni maqsad qiladi.
Memorandum doirasida quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikda amaliy ishlarni olib borish koʻzda tutilgan:
axborot texnologiyalari va sohada sunʼiy intellektni joriy etish yoʻnalishida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
talabalarning olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllay olish koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi va universitet oʻrtasida dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish;
katta tajribaga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb qilgan holda zamonaviy psixologik yondashuvlar, ilmiy asoslangan psixokorreksiya va reabilitatsiya usullarini joriy qilish orqali aholining ayrim toifalari bilan hamkorlikda tizimli ishlash va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa sohalarni oʻzi ichiga oladi.
Bu hamkorlik nafaqat ikki muassasa faoliyatini, balki butun viloyatdagi taʼlim va huquq-tartibot sohasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishiga hamda kelgusida amaliy natijalar berishiga ishonch bildirildi.
Tadbir yakunida, 1-oktyabr — “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan boshqarma boshligʻi tomonidan Termiz davlat universiteti rektoriga bayram sovgʻasi tantanali ravishda topshirildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati





