Taʼlim fidoyilari. Yillar va yoʻllar osha
2025-10-06 23:00:00 / Yangiliklar

IIV Buxoro Akademik litseyining tarix fani bosh oʻqituvchisi, “Oʻrta maxsus va professional taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni sohibi Baxtiyor Hamidovning el-yurtda va jamoada hurmat-eʼtibor qozonishida ustozlarining pand-nasihatlari, oʻgitlari muhim ahamiyat kasb etdi. Buni qarangki, bugun uning oʻzi ham koʻplab shogirdlar tayyorlagan tajribali va talabchan ustozga aylandi.
Baxtiyor Hamidov 1997-yildan beri yosh avlodga saboq berib keladi. U taʼlim bergan oʻquvchilar fan olimpiadalarida, “Zakovat” intellektual oʻyinlarida bir necha marotaba respublika miqyosida gʻolib boʻlishgan. Oʻzi ham xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib, gʻoliblik nashidasini surib kelmoqda.
2022-yilda IIV akademik litsey-lari oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng yaxshi fan oʻqituvchisi” tanlovida ikkinchi oʻrinni egalladi.
B. Hamidov izlanuvchan, dunyoqarashi keng, ijodkor oʻqituvchi. U Oʻzbekiston tarixi va jahon tarixi fanlaridan oʻquvchilarga mukammal bilim beribgina qolmay, shu fanlar boʻyicha koʻplab oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va test toʻplamlarini chop ettirdi.
“Tarixi muxtasar-1”, “Tarixi muxtasar-2”, “Tarix: 12000 savolga 12000 javob”, “Tarixdan variantlar toʻplami”, “Tarix testlariga tayyormisiz?” kabi qoʻllanmalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, u koʻplab televizion kompaniyalar hamkorligida Buxoroga bagʻishlangan tarixiy-badiiy koʻrsatuvlar tayyorlagan.
Qisqasi, lavhamiz qahramoni oʻquvchilarning dunyoqarashini kengaytirish maqsadida yangi pedagogik va innovatsion texnologiyalardan foydalanib, zamonaviy darslar tashkil etib kelmoqda. Darslarda va toʻgarak ishlarida oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy gʻururni shakllantirish borasida tinimsiz izlanmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Mirzoqul Ahadov, Buxoro viloyati.
