Namangan viloyatida "1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni" hamda “Keksalar haftaligi” doirasida tantanali tadbirlar boʻlib oʻtdi
2025-10-05 11:15:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatida oʻtkazilgan “Yilning eng faol faxriy xodimi” tanlovi dasturi doirasida avvalo “Shaxmat” musobaqasi tashkil etildi. Keyingi bosqichda ishtirokchilar Davlat rahbarining soʻnggi islohotlari, ichki ishlar organlari tizimidagi oʻzgarishlar, faxriylar va yoshlar bilan ishlash, jamiyat hayoti, mahalla va oila instituti, Vatan tarixi hamda jahondagi geosiyosiy vaziyatga oid savollardan iborat test sinovlarida qatnashdilar.
Shundan soʻng faxriylar soʻnggi bir yil davomida amalga oshirgan ishlari — “Ustoz-shogird anʼanalari”ni yoʻlga qoʻyish, “Faxriylar maktabi” faoliyati, yoshlarga oid davlat siyosati va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki boʻyicha amalga oshirgan ishlari hamda erishgan yutuqlari haqidagi maʼlumotlarni tegishli hujjatlar bilan birga hakamlar hayʼatiga taqdim etdilar.
Yakuniy bosqichda ishtirokchilar bilan davlat va jamiyat hayotidagi muhim masalalar, xalqaro munosabatlar va yoshlar siyosati yuzasidan bilet savollari asosida ogʻzaki suhbat oʻtkazildi. Ular tomonidan erishilgan natijalar mavjud hujjatlar, ommaviy axborot vositalaridagi materiallar va boshqa maʼlumotlar asosida tahlil qilindi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan tanlov natijasiga koʻra:
Birinchi oʻrin — Namangan viloyati IIB Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi mayor Tabarov Ilhomjon Ahmadjonovich;
Ikkinchi oʻrin — IIV Akademiyasidan qatnashgan isteʼfodagi polkovnik Yusubov Davlat Abdusharipovich;
Uchinchi oʻrin — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi mayor Elbaev Quvatbay Embergenovichga nasib etdi.
Gʻoliblar respublikadagi eng nufuzli sanatoriy-kurort muassasalaridan biriga ikki kishilik bepul yoʻllanma, I, II va III darajali diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, Namangan viloyatining 300 nafardan ortiq faxriylari hamda tanlovda ishtirok etish uchun boshqa viloyatlardan tashrif buyurgan faxriylarga “Shodiyona” tantanalar majmuasida dasturxon yozilib, bayramona konsert dasturlari tashkil etildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









