Bir surat tarixi. Uch voha malikalari
2025-10-05 08:20:00 / Yangiliklar

Esimda, 2007-yilning fevral oyida IIV Akademiyasida «Balli, qizlar» koʻrik-tanlovi boʻldi. Mana, shu voqeaga ham 18 yil boʻlibdi. Tanlovda qatnashganlar oʻrtasida uch tinglovchi qiz bilimi va zukkoligi bilan ajralib turgan edi.
Hakamlar hayʼatining qaroriga koʻra, tinglovchilar (chapdan) Mohigul Kenjayeva 3-oʻrinni, Altinay Kidirbayeva 2-oʻrinni va Shirin Normatova 1-oʻrinni egallagan edi. Yillar oʻtib, mashaqqatli, ammo sharafli xizmatga yoʻl olgan bu uch dugona hozir yurtimizning turli hududlarida sadoqat bilan xizmat qilmoqda. Uchovi ham podpolkovnik. Jumladan, Mohigul Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, Altinay Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari boʻlsa, Shirin Toshkent shahar IIBB HPB boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari. Ularning barchasi oilali, shirindan-shakar farzandlarni tarbiyalash bilan birga, katta ofitserlar safida turib, hamkasblariga oʻrnak boʻlishmoqda.
Inson hayotda oʻz oʻrnini topib, munosib kasbga erishishi uchun tirishqoqlik bilan harakat qilsagina shu darajaga yetadi. Binobarin, ichki ishlar organlarida Toʻmarisga izdosh, kasbiga, Vataniga sodiq xodimalarni koʻplab uchratish mumkin.
Abu KENJAYEV, fotomuxbir.
