Samarqand viloyati IIO xodimlari oʻrtasida «Zakovat» intellektual oʻyini oʻtkazildi
2024-04-06 11:05:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi «Zakovat intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash hamda 2024-yil — «Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili» munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligini oshirish, avvalo, yosh xodimlar qalbida islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida Samarqand viloyati IIO xodimlari oʻrtasida «Zakovat» intellektual oʻyini oʻtkazildi.
Boʻlib oʻtgan mazkur intellektual oʻyinida viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik Umid Utayev ishtirok etib, barcha qatnashchilarga omadlar tiladi.
Oʻyinlarda Samarqand viloyati IIB tarkibiy tuzilmalari hamda hududiy boʻlinmalarida xizmat olib borayotgan 30 yoshgacha boʻlgan yosh xodimlar gʻoliblik uchun oʻzaro bellashishdi. Savol-javob va bahs-munozaralarga boy boʻlgan oʻyinlar keskin va murosasiz jarayonlar ruhida oʻtdi. Xar bir jamoa gʻoliblik uchun astoydil kurash olib bordi. Eng asosiysi intellektual oʻyin adolatli va shaffof oʻtishi taʼminlandi.
«Zakovat» intellektual oʻyini yakuniga koʻra IIV Samarqand Akademik litseyi birinchi oʻrinni, Oqdaryo tumani IIB 2-oʻrinni hamda Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Gʻoliblarga diplom va kitoblar jamlanmalari topshirildi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati









