Nukusda “Dolzarb 20-kun” doirasida jamoat xavfsizligi kuchaytirilmoqda
2025-10-04 18:40:00 / Yangiliklar

“Dolzarb 20-kun” operativ-profilaktik tadbirlari doirasida Nukus shahrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri hamda Respublika prokurori ishtirokida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari uchun xizmat oldi yigʻini tashkil etildi.
Yigʻinda jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklarni oldini olish va aholining xavfsizligini oshirish borasidagi vazifalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, tegishli idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir doirasida vazir va prokuror Nukus shahridagi “Xalqlar doʻstligi” mahalla fuqarolar yigʻini hududiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar – xavfsiz yoʻlaklar tashkil qilinishi va boshqa ijobiy tashabbuslar bilan tanishdi. Mahallaning “qizil” toifadan “sariq” va “yashil” toifaga oʻtkazilishi yuzasidan masʼullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Tashrif davomida mahalladagi huquqbuzarlik holatlari, ularning sabablari va profilaktik chora-tadbirlarning samaradorligi oʻrganildi. Aholi va mahalla faollari bilan uchrashuv oʻtkazilib, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish va jamoat tartibini saqlashdagi ishtiroki muhokama qilindi.
Bu kabi tashriflar jinoyatchilikni kamaytirish, aholi xavfsizligini taʼminlash hamda mahallalarda barqaror huquqiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati









