Buxoro viloyati IIBda “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi
2025-10-04 12:15:00 / Yangiliklar

Buxoro shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti katta majlislar zalida viloyat ichki ishlar organlarining faxriy ustozlari hamda yosh xodimlari ishtirokida, “Uch avlod” uchrashuvi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini joʻr ovozda ijro etish bilan boshlangan tadbirda, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, sohaviy xizmatlar rahbarlari, tizim faxriylari, viloyat ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini olib borayotgan yosh xodimlar, Ichki ishlar vazirligi Buxoro akademik litseyi oʻquvchi-yoshlari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqan boshqarma boshligʻi, bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlarga yaratilayotgan keng koʻlamli imkoniyatlarni alohida eʼtirof etib, yoshlarga oʻz tajribalari haqida soʻzladi hamda Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat, xizmat intizomiga rioya qilish, halollik, shuningdek “Xalqqa xizmat qilish oliy burch” tushunchalari yuzasidan qator tavsiya va maslahatlar berdi.
Tadbirning ahamiyatli jihatlaridan yana biri — bu faxriylar bilan boʻlgan muloqot boʻldi. Ular oʻz hayot va xizmat tajribalari orqali yoshlarga fidoyilik, xalqparvarlik, qonun ustuvorligi, kasbga sadoqat kabi qadriyatlarni yetkazdilar. Bu esa yosh xodimlarning maʼnaviy-axloqiy ruhiyatini mustahkamlashga xizmat qildi.
Ochiq va konstruktiv ruhda oʻtgan yuzma-yuz muloqotda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar. Jarayonda xodimlar tomonidan xizmat intizomi hamda qonuniylikka rioya qilish, burchga sadoqat va halollikka chorlovchi vatanparvarlikka yoʻgʻrilgan videoroliklar ham namoyish etildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga izchillik bilan tatbiq etish borasidagi ibratli faoliyati, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faol ishtiroki, yosh avlodni vatanparvarlik, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga qoʻshgan munosib hissasi uchun hamda 1-oktyabr – “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan IIVning tegishli buyrugʻiga koʻra, 3 nafar faxriyga “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” koʻkrak nishoni hamda Ichki ishlar vazirligining esdalik qoʻl soati topshirildi. IIV Faxriylar kengashi tomonidan esa yana 4 nafar isteʼfodagi xodimlarga koʻkrak nishonlari va faxriy yorliqlar berildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining tizimda faoliyat yuritib kelayotgan, yashash sharoitlari bilan bogʻliq muammolar kuzatilayotgan xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qarorlariga muvofiq, Buxoro viloyati IIOning 12 nafar xodimiga uy-joy sotib olish uchun dastlabki 25 foizlik badal puli uchun vaucherlar viloyat IIB boshligʻi tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Qaytarib berilmaydigan tarzda, subsidiya asosida berilayotgan ushbu mablagʻlar xodimlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, boshqarma boshligʻining tegishli buyrugʻiga asosan 22 nafar faxriyga tashakkurnomalar va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Tadbir davomida yosh xodimlar uchun “Kitob yarmarkasi“ tashkil etildi. Bundan koʻzlangan maqsad, xodimlar orasidagi kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, maʼnaviy-maʼrifiy hamda huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularda vatanga, kasbga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tuygʻusini shakllantirishdan iboratdir.
“Uch avlod uchrashuvi”ning yakunida, viloyat Madaniyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi boʻlib oʻtdi. Xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









