Davlat rahbarining tashabbusi va sport taraqqiyoti uygʻunligi: Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida voleybol maktab-internati foydalanishga topshirildi
2025-10-02 21:30:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida voleybol sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Mazkur taʼlim muassasasi ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Namangan viloyati hokimi, viloyat sport federatsiyalari vakillari, jamoat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Ushbu taʼlim muassasasining tashkil etilishi Davlatimiz rahbarining voleybol sport turlarini yanada ommalashtirish, yoshlar orasidan voleybol sport turlari bilan shugʻullanuvchi sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, ushbu sport turi boʻyicha zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash boʻyicha boʻyicha 2024-yildagi 274-son qarorlarining amaliy ijrosidir.
Mazkur internatda yosh sportchilar voleybol va sohil voleyboli bilan bir qatorda boks, erkin kurash, milliy kurash, yengil atletika, futbol va chim ustidagi xokkey kabi sport turlari boʻyicha ham bilim va mashgʻulot oladilar. Zamonaviy sport inshootlari, yotoqxonalar, ovqatlanish va tibbiy xizmat koʻrsatish nuqtalari, mashgʻulot zallari hamda boshqa infratuzilma obyektlari talab darajasida jihozlangan.
Tadbir davomida masʼullar, soʻnggi yillarda voleybol sport turini rivojlantirish, milliy terma jamoalarning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki hamda mamlakatimizda jahon va mintaqaviy chempionatlarni qabul qilishda erishilayotgan natijalar haqida maʼlumot berdilar.
Taʼkidlanishicha, voleybol sport turini rivojlantirishda hududiy maktablarning oʻrni katta. Namangan viloyati bu borada yetakchi hududlardan biri boʻlib, hozirgi kunda viloyatdan 29 nafar sportchi turli yosh toifalaridagi milliy terma jamoalar safiga qabul qilingan. Shuningdek, ayollar voleyboli boʻyicha ham viloyat respublikada yetakchi oʻrinni egallab turibdi.
Maktab-internat faoliyati orqali kelgusida milliy terma jamoalar uchun yuqori salohiyatli sportchilar zaxirasini shakllantirish, ularni xalqaro standartlar darajasida tayyorlash, shuningdek, Rossiya, Belarus, Italiya, Polsha, Yaponiya va Turkiya kabi mamlakatlarning yetakchi voleybol klublari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida yosh sportchilarga davlat rahbariyati tomonidan sport sohasiga koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar samarasini oʻz bilim va mehnati bilan oqlash, xalqaro musobaqalarda Vatan sharafini munosib himoya qilish – ular oldida turgan ustuvor vazifa ekanligi taʼkidlandi.









