Qashqadaryo viloyati IIB rahbari yoshlar bilan muloqot qildi: takliflar eshitildi, amaliy yechimlar belgilandi
2025-10-02 15:15:00 / Yangiliklar

Ertangi kunimizning egalari boʻlgan yoshlar jamiyatning hal qiluvchi kuchi hisoblanadi. Yoshlarni oliy taʼlimga jalb etish, ularning bandligini taʼminlash, kundalik hayotda duch kelayotgan muammolarini ochiq muloqotda oʻrganish va bu borada aniqlangan masalalarni manzilli ravishda hal etish maqsadida Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov Qarshi davlat texnika universitetida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tadbirida ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida rahbar yoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar va takliflar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻldilar. Har bir murojaat diqqat bilan eshitilib, ularga huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yoshlarni qiynayotgan masalalar yuzasidan joyida amaliy yechimlarni belgilash, zarur hollarda tegishli tashkilot va mutasaddilarga yuborish choralari koʻrildi.
Tadbir jarayonida rahbar tomonidan yoshlarning tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi, ularning fikr va takliflari eʼtiborga olindi. Uchrashuv samimiy ruhda oʻtib, yoshlar uchun oʻziga xos ochiq minbarga aylandi.
Shu bilan birga, uchrashuvda Qarshi shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi xodimlari ham ishtirok etib, yoshlarga mavjud boʻsh ish oʻrinlari, turli yoʻnalishlardagi oʻquv kurslari va kasb-hunarga yoʻnaltirish imkoniyatlari haqida atroflicha maʼlumot berdilar. Yoshlarning qiziqish va intilishlaridan kelib chiqqan holda ularga tegishli taklif va tavsiyalar ham taqdim etildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati








