Oʻqituvchi va murabbiylar bayrami arafasida ichki ishlar tizimi xodimlariga munosib tuhfa — Namanganda ichki ishlar organlariga zamonaviy maʼmuriy va oʻquv binosi hamda xizmat mashinalari topshirildi
2025-10-01 18:40:00 / Yangiliklar

Yurtimizda bayram kunlarida yangi inshootlarni foydalanishga topshirish ezgu anʼanaga aylangan. Shu maʼnoda, “1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Namangan viloyatidagi Ichki ishlar boshqarmasi Patrul-post xizmati batalyoni uchun yangi maʼmuriy va oʻquv binolari foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, viloyat rahbariyati, soha faxriylari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi. Taʼkidlanganidek, ichki ishlar organlari tizimida ham yosh kadrlarni tayyorlashda ustoz va murabbiylarning oʻrni beqiyosdir. Ularning amaliy koʻmagi va hayotiy maslahatlari soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida qayd etildi.
Foydalanishga topshirilgan zamonaviy maʼmuriy bino barcha talablarga javob beradi. Bu yerda Patrul-post xizmati batalyoni, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xodimlari uchun xizmat va oʻquv xonalari, 102 oʻrinli dam olish xonalari tashkil etilgan. Inshoot zamonaviy raqamli texnologiyalar, texnik vositalar hamda shinam mebellar bilan jihozlangan boʻlib, xodimlarga munosib xizmat sharoitini yaratib beradi.
Bayramda ustoz va murabbiylarni yoʻqlash yaxshi anʼanaga aylangan. Shu maqsadda tadbir ishtirokchilari viloyatda uzoq yillar samarali xizmat olib borgan soha faxriylarining xonadonlariga tashrif buyurishdi, ularning holidan xabar olib, samimiy muloqot qilishdi.
Faxriy, isteʼfodagi podpolkovnik Maxmudjon Djurayev shu yilning avgust oyida muborak 95 yoshni qarshiladi. Ikkinchi jahon urushi front orti qatnashchi hisoblangan ustoz, 35-yillik mashaqqatli va sharafli xizmatdan soʻng, qariyb 40-yildan buyon yosh xodimlarga murabbiylik qilib keng koʻlamli xizmat tajribasi bilan oʻrtoqlashib kelmoqda.
Joriy yilda ulugʻ 90 yoshni qarshilagan isteʼfodagi podpolkovnik Irkin Murodov esa uzoq yillar davomida Andijon hamda Namangan viloyatlarida xodimlarga maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha tarbiya berib kelganiga qaramasdan, faxriylik gashtini surish davrida 35-yildan buyon yosh xodimlarga hayot saboqlari bilan oʻrtoqlashishdan charchamayapti.
Ushbu fidoyi faxriylarga bayram munosabati bilan esdalik sovgʻalari topshirildi, ustozlarning bugungi tizim uchun mustahkam tayanch ekanligi yana bir bor eʼtirof etildi.
Bunday tadbirlar hozirgi kunda respublikamizning barcha hududlarida faol davom etmoqda.









