Qashqadaryo viloyati IIB ishchi guruh tomonidan Qamashi tumanida huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini mustahkamlash boʻyicha oʻrganishlar olib borildi
2025-09-29 10:55:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Xavfsiz hudud” maxsus profilaktik tadbiri doirasida Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Qamashi tumanida huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini mustahkamlash boʻyicha oʻrganishlar olib borildi.
Dastlab, boshqarma boshligʻi tumanidagi “Alisher Navoiy” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻldi. Bu yerda tungi xizmatga jalb qilingan xodimlarga yoʻriqnoma berildi. Shuningdek, mahalladagi savdo majmuasida boʻlib, undagi qoʻriqlash tizimlari va kuzatuv kameralarining faoliyati koʻzdan kechirilib, qoʻshimcha tushuntirishlar berildi.
Oʻrganish davomida boshqarma boshligʻi “Istiqbol” mahalla fuqarolar yigʻinidagi huquq-tartibot maskanida ham boʻldi. Unda tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar bilan suhbatlashdi. Shu bilan birga, mahalla profilaktika inspektorining taqdimoti tinglanib, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida zarur tushuncha va topshiriqlar berildi.
Tadbir jarayonida tumandagi “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolar yigʻinida ham boʻlinib, bu yerda tungi xizmatga jalb qilingan xodimlarning faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, hududdagi savdo shoxobchalari, qoʻriqlash tizimlari va “102” tezkor tugmasining ishlash jarayonlari oʻrganilib, ularni yanada samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Umuman olganda, oʻrganishlar davomida huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarni sogʻlom muhitda tarbiyalash, mahalla faollarini jinoyatchilikka qarshi kurash jarayoniga keng jalb etish va jamoat tartibini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









