Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolaridan iborat jamoalar oʻrtasida “Men, otam va onam sportchilar oilasi” musobaqasi oʻtkazildi
2025-09-28 12:22:00 / Yangiliklar

Yurtimizda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jismoniy tarbiya va sportni aholi oʻrtasida ommalashtirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu asosda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining tegishli farmoyishiga muvofiq Jondor tumanidagi “Nurafshon” sport majmuasida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Men, otam va onam – sportchilar oilasi” nomli oilaviy sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqada ishtirokchilar oila aʼzolari bilan birga jamoa tarkibida kuch sinashdilar. Ular “Chaqqonlik va merganlik estafetasi”, “Mohir hujumchi”, “Qaddimizni rostlaymiz, sakrashni boshlaymiz”, “Tezlik estafetasi” hamda “Epchillik estafetasi” kabi turli sport yoʻnalishlarida bellashdilar.
Qizgʻin va murosasiz ruhda kechgan musobaqa jarayonida oilalar nafaqat oʻz mahoratlarini namoyish etdilar, balki oʻzaro hamjihatlik va jipslikka ham eʼtibor qaratdilar. Bu esa tadbirning asosiy maqsadlaridan biri – sogʻlom turmush tarzini oila muhitida mustahkamlash va sport orqali ota-onalar hamda farzandlar oʻrtasidagi munosabatni yanada samarali qilishga xizmat qildi.
Tadbirning tantanali taqdirlash marosimida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati va Jondor tumani hokimi ishtirok etib, sportning ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Ular ichki ishlar organlari xodimlari uchun sport bilan shugʻullanish kasbiy faoliyatda jismoniy tayyorgarlik va ruhiy barqarorlikni taʼminlashda muhim omil ekanini, shuningdek, oila aʼzolarida sogʻlom turmush tarziga rioya qilish odatini shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Yakunda gʻolib va sovrindor jamoalar medal, diplom hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bu kabi tadbirlar nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari salomatligini mustahkamlaydi, balki jamoatchilik oʻrtasida sportga qiziqishni oshirish, aholida sogʻlom turmush tarziga intilishni kuchaytirishga xizmat qiladi.








