Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Tadbirda muhim strategik Memorandum imzolandi
2025-09-28 12:15:00 / Yangiliklar

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Muloqotda universitet rektori T.Z. Teshabayev, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik I.R. Tillayev, soha xodimlari, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida mamlakatimizda raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlik yoʻnalishida taʼlim, ilm-fan va amaliyot oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda bu sohada zamonaviy ilgʻor tajribalarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir doirasida jamiyatda kiberjinoyatchilik muammosiga bagʻishlangan maʼruza ham oʻtkazildi.
Unda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarning turlari, ularning aholi hayoti va davlat xavfsizligiga salbiy taʼsiri, axborot resurslari va shaxsiy maʼlumotlarni muhofaza qilishning dolzarb jihatlari atroflicha yoritildi.
Maʼruzachilar zamonaviy texnologiyalar orqali yuzaga kelayotgan tahdidlar, kiberbulling, raqamli firibgarlik va maʼlumotlardan noqonuniy foydalanish holatlariga eʼtibor qaratdilar.
Shu bilan birga, ular bunday jinoyatlarning oldini olishda profilaktik choralar, aholi, ayniqsa, yoshlarning kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish hamda bu yoʻnalishda davlat organlari, oliy taʼlim muassasalari va jamiyatning oʻzaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladilar.
Uchrashuv doirasida universitet va Bosh boshqarma oʻrtasida raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlik yoʻnalishida hamkorlik qilish hamda tajriba almashish boʻyicha strategik Memorandum imzolandi.
Imzolangan ushbu strategik hujjat ikki yirik muassasaning — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining oʻzaro hamkorlikdagi yangi bosqichini boshlab berdi.
Memorandumning asosiy maqsadi raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlik sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyotni birlashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish, sohada yuzaga kelayotgan tahdidlarga zamonaviy va samarali yechimlarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Shu bilan birga, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliyotga joriy etish va raqamli izlarni tahlil qilish kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash mamlakatimizda xavfsiz va barqaror raqamli muhitni shakllantirishda muhim qadam boʻlib xizmat qilishi alohida qayd etib oʻtildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olish qaratilgan samarali ishlar olib borilmoqda.
Universitetda tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” va unda imzolangan strategik hamkorlik memorandumi — amaliy saʼy-harakatlarning yorqin ifodasi desak boʻladi.




