Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi Oʻzbekiston klubi va Kriminologiya tadqiqot instituti hamkorligi mustahkamlanmoqda
2025-09-28 12:10:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi, polkovnik B.E. Berdialiyev hamda institut ilmiy xodimlari ishtirokida Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi Oʻzbekiston klubi raisi M. Atadjanov va assotsiatsiya vakillari bilan navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, kelgusidagi qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va ilgʻor xalqaro tajribalarni joriy etishga bagʻishlandi.
Uchrashuv davomida institut tashabbusi bilan taʼsis etilayotgan xalqaro ilmiy jurnal faoliyatida Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi Oʻzbekiston klubining ham-taʼsischi sifatida ishtirok etishi boʻyicha taklif ilgari surildi.
Ushbu tashabbus xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ilmiy izlanishlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, assotsiatsiyaning texnik bazasi imkoniyatlari keng taqdim etildi.
Tomonlar ushbu imkoniyatlardan qoʻshma tadqiqotlar, ilmiy-amaliy anjumanlar va loyihalarni samarali tashkil etishda foydalanish masalalarini muhokama qilishdi.
Istiqboldagi hamkorlik yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilab olindi:
• xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish;
• qoʻshma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
• ichki ishlar organlarining imijini oshirish boʻyicha amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
• institut xodimlari uchun malaka oshirish dasturlarini joriy etish;
• ilmiy-texnik hamkorlikni kengaytirish va yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash.
Tomonlar mazkur uchrashuv oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy hamda amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti







