Toshkent viloyatining Angren shahrida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2025-09-27 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 25-sentyabr kuni Angren shahridagi harbiy qismda Toshkent viloyati IIBB rahbariyati ishtirokida “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinidagi 100 nafar hamda probatsiya roʻyxatida turgan 141 nafar yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti oʻtkazildi.
Uchrashuv dasturida IIBB Kinologiya xizmati xodimlari tomonidan giyohvandlik moddalarini aniqlash boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Shuningdek, tezkor safarbarlik otryadining jangovar chiqishlari, harbiy qism qurollari hamda ekspert-kriminalistika markazining texnik vositalari taqdimoti yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi. Yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida tashkilot ishtirokida mehnat yarmarkasi tashkil etildi va boʻsh ish oʻrni taklif qilindi.
Muloqot savol-javob tarzida olib borilib, yoshlarning qator muammolari joyida hal etildi, bir qismi esa masʼullar nazoratiga olindi.
Tadbir yakunida 16 yoshga toʻlgan 5 nafar yoshlarga ID kartalari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, “Jasorat maktabi”da faol ishtirok etgan 18 nafar yoshlar esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati









