IIV Akademiyasi rahbariyati Toshkent viloyati mahallalaridagi kriminogen vaziyatni oʻrgandi
2025-09-27 09:00:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarni rozi qilish, xalqimizning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan.
Jamiyatdagi oʻzgarishlar har bir hudud, xonadonga kirib borishi uchun mahallalar jinoyatdan holi boʻlishi kerak. Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari asosida kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda olib borilayotgan keng qamrovli ishlardan koʻzlangan maqsad ham shu.
IIV Akademiyasi boshligʻi bu boradagi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Chirchiq shahridagi “Iqbol” va “Kimyogar” mahallalariga bordi.
Hududlarga biriktirilgan masʼullar, “mahalla yettiligi” vakillari va faollar bilan muloqot qilib, amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi.
Uchrashuvlar chogʻida mahallalardagi kriminogen vaziyat, sodir etilgan jinoyatlar, ularning sabab va sharoitlari, “mahalla yettiligi” faoliyatidagi kamchiliklar aniq raqamlar misolida muhokama qilindi.
“Jinoyat oʻchoq”larini aniqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, aholining osoyishta hayotiga xavf solayotgan omillarga barham berish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Akademiya boshligʻi mahalla islohotlarni amalga oshiruvchi eng muhim boʻgʻin ekanini taʼkidlab, jinoyatchilikni jilovlash, yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, xalqimizning ogʻirini yengil qilishda “yettilik” tizimi vakillari hamjihatlikda ishlab, natijadorlikni oshirishi kerakligini taʼkidladi.
“Biz har bir mahallaga katta ilmiy-amaliy tajribaga ega professor-oʻqituvchilarni biriktirganmiz. Ular jinoyatning asl omillarini oʻrganib, zarur tavsiyalar ishlab chiqishmoqda. Shu tizim asosida ishlasak, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga erishamiz”, – dedi oʻquv dargohi rahbari.
Mahallalarni oʻrganish jarayonida xonadonlar, savdo majmualari, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, korxona va tashkilotlarni texnik qoʻriqlovga olish, kuzatuv kameralari va huquqbuzarlikdan ogohlantiruvchi tugmalar bilan taʼminlashni jadallashtirish, hududlarga qoʻshimcha kuch hamda vositalarni jalb qilish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






