Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Buxoro viloyati hududlarida amalga oshirilayotgan tezkor profilaktik tadbirlar jarayoni koʻzdan kechirildi
2025-09-25 19:40:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov Buxoro viloyatida xizmat safari bilan boʻlib, shahar va tumanlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlayotgan omillarni birma-bir tahlil qilib, bu borada kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan ishlarni belgilab bermoqda.
Gʻijduvon tumanida boʻlgan oʻrganishlarda dastlab, tuman IIB faoliyati bilan tanishildi.
Bunda, Ichki ishlar boshqarmasi binosida xodimlar va fuqarolarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, Navbatchilik qismi faoliyati oʻrganildi.
Ichki ishlar vaziri Gʻijduvon tumanining kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan “Pamoʻza” mahallasida boʻldi.
Ushbu mahallada “yettilik” vakillari bilan boʻlgan suhbatda hudud aholisini oʻylantirayotgan muammolarga yechim topish, ularni ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikka, hunarmandchilikka yoʻnaltirish kerakligini aytib, pirovardida jinoyatchilikni oldini olish zarurligi borasida oʻz tavsiyalarini berdi.
Mahallaning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, shuningdek, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim boʻlgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan vazifalarni tezkor va samarali hal etish choralarini koʻrish, tez fursatlarda ushbu mahallani “yashil“ hududga aylantirish zarurligi borasida ham tegishli koʻrsatmalar berdi.
Shofirkon tumani Ichki ishlar boʻlimida boʻlgan vazir oʻrinbosari avvalo, maʼmuriy binoda xodimlar va aholiga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mavjud muammolarga alohida eʼtibor qaratdi.
Vazir oʻrinbosari Navbatchilik qismiga kelib tushgan har bir murojaat yuzasidan oʻz vaqtida hodisa sodir boʻlgan joyga yetib borish, fuqarolarning murojaatlarini toʻliqligicha oʻrganib, tegishli tergovga qadar tekshiruv harakatlarini sifatli amalga oshirishlari yuzasidan koʻrsatma va topshiriqlar berdi.
Oʻrganishlar davom etmoqda....
Buxoro viloyati Axborot xizmati









