IIV Akademiyasida taʼlim jarayonidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
2025-09-24 09:00:00 / Yangiliklar

Boshliq oʻrinbosarlari, fakultet, kafedra va boshqa tuzilmalar rahbarlari, professor-oʻqituvchilar ishtirok etgan yigʻilishda faoliyatning asosiy yoʻnalishlari tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Akademiya boshligʻi Rustam Xatamov taʼlimni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga toʻxtaldi.
Keyingi yillarda oʻqitishning ilgʻor yondashuvlari tatbiq qilingani, professor-oʻqituvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgani, kafedralarni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
“Oʻqituvchi jamiyatdan ortda qolmasligi kerak. Mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning shiddati oldimizga ana shu talabni qoʻymoqda”, – dedi akademiya boshligʻi.
Yigʻilishda erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar ham aytib oʻtildi. Ayrim hollarda mashgʻulotlarning anʼanaviy metodlarda oʻtkazilayotgani, yosh xodimlarda talabchanlik, oʻz ustida ishlash, faoliyatini tanqidiy baholash koʻnikmalari yetishmasligi, mustaqil taʼlim imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayotgani qayd etildi.
Akademiya boshligʻi oʻquv jarayonlarini tashkil etishda fakultet va kafedra rahbarlarining masʼuliyatini oshirish, professor-oʻqituvchilar faoliyatini monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish, “Smart-reyting”, “Hemis” va boshqa tizimlarning natijadorligini oshirish, raqamli taʼlimga oʻtish ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
“Taʼlim-tarbiya masalasida barchamiz, rahbarlardan tortib oddiy xodimgacha masʼuliyatni his qilsak, shunda faoliyatimizda oʻzgarish boʻladi”, – dedi akademiya boshligʻi.
Yigʻilishda tashkiliy masalalar ham koʻrilib, qator lavozimlarga tayinlovlar amalga oshirildi. Joriy oʻquv yilida belgilab olingan vazifalar yuzasidan muhim qarorlar qabul qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati





