Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Shahrisabz shahri va tumanida jamoat tartibini saqlash, mahallalarda osoyishtalikni taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida keng qamrovli oʻrganishlar olib borildi
2025-09-24 09:00:00 / Yangiliklar

Dastlab, Shahrisabz tumanidagi “Tanhoz” mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan jamoatchilik maskani faoliyati oʻrganildi.
Ushbu maskanga jalb qilingan fidokor yoshlar hamda tungi xizmat xodimlariga huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va mahallada osoyishtalikni taʼminlash yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng, “Shamaoton” mahalla fuqarolar yigʻinidagi huquq-tartibot maskanida mahalla profilaktika inspektori tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot oʻtkazilib, jamoat tartibini taʼminlash va yoshlarni sogʻlom muhitda tarbiyalash masalalari muhokama qilindi.
Oʻrganish davomida ishchi guruh vakillari 12-umumtaʼlim maktabida ham boʻlishdi. Maktab direktori, inspektor-psixolog hamda profilaktika inspektorlari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda oʻquvchi-yoshlarning xavfsizligini taʼminlash, hududni toʻliq kameralar bilan qamrab olish va tartib-intizomni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, oʻquvchilarni huquqbuzarliklardan asrash va sogʻlom taʼlim muhitini yaratish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Shahrisabz shahrida ham xavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan oʻrganishlar olib borildi. Avvalo, Milliy bank filialida qoʻriqlash boʻlimi xodimlarining tungi faoliyati bilan tanishilib, bank himoyasidagi xavfsizlik choralarini yanada mustahkamlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Keyinchalik, “Rogʻuzar” mahalla fuqarolar yigʻinida mahalla yettiliklari, koʻcha boshilari va tungi xizmatga jalb qilingan shaxslar bilan uchrashuv oʻtkazilib, fuqarolar murojaatlariga oʻz vaqtida eʼtibor qaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, shahar hududidagi savdo shoxobchalari va aholiga xizmat koʻrsatish maskanlari ham koʻzdan kechirildi.
Ularda kuzatuv kameralaridan samarali foydalanish va qoʻriqlash choralarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, Shahrisabz shahri va tumanida olib borilgan oʻrganishlar davomida mahallalarda osoyishtalikni taʼminlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash va fuqarolarning tinch hayot kechirishlari uchun zarur choralar koʻrish yuzasidan masʼullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









