IIV Akademiyasida kursantlarning kasbga sadoqati va vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga qaratilgan “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi
2025-09-24 09:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda ichki ishlar organlari tizimidagi yangilanishlar, xalq manfaatlariga xizmat qilishning oʻziga xos masʼuliyati, soha xodimlariga sharaf keltiradigan fazilatlar haqida fikr almashildi.
Isteʼfodagi general-mayor Tohir Mullajonov islohotlarning mohiyatiga toʻxtalib, keyingi sakkiz yil ichida roʻy bergan ijobiy oʻzgarishlarni eʼtirof etdi.
Inson qadri ulugʻlangan yurtimizda soha faoliyati yangicha mazmun kasb etayotgani, ichki ishlar organlari xalqimiz bilan yaqin hamkorlikda ishlaydigan xalqchil tuzilmaga aylanib borayotgani qayd etildi.
«Shuncha yillar davomida ozmi-koʻpmi tajriba toʻpladim. Ustoz sifatida aytishim mumkinki, avvalo har biringiz fidoyi boʻlishingiz kerak.
Bu xislat bilim olishingiz, kasb mashaqqatlarini yengib, Vatanga sidqidildan xizmat qilishingizga katta yordam beradi. Insonga obroʻ keltiradigan yana bir fazilat kamtarinlikdir.
Chinakam xalqparvar ichki ishlar xodimi boʻlishni maqsad qilgan ekansiz, bilim salohiyatingiz bilan birga, kasbiy madaniyatingizni ham shakllantirib boring», – dedi faxriy ustoz.
Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda oʻquv muassasasida yaratilayotgan ulkan sharoitlar, taʼlim-tarbiya jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlardan koʻzlangan ustuvor maqsadlar tushuntirib oʻtildi.
Kursantlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati





