Ichki ishlar vazirligi rahbariyati “Dolzarb 20 kun” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida Navoiy viloyatida oʻrganishlar olib bordi
2025-09-24 09:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor B.Yu.Mirzarahimov Navoiy viloyatida oʻrganishlar olib bordi.
Dastlabki manzil viloyat IIB JXX YHXBning Maʼmuriy amaliyot markazi faoliyati oʻrganildi. Qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Maʼmuriy amaliyot” moduliga muvofiq tahlil etilishi boʻyicha masʼullarning taqdimoti tinglandi.
Karmana tumanida “qizil” toifadagi “Beshkent” MFYda mahalla yettiligi tomonidan bajarilgan ishlar, yechim-talab muammolar oʻrganildi. Ular tomonidan aholi gavjum hududlarda profilaktik ishlarni kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar boʻyicha topshiriqlar berildi.
Jarayonda respublika miqyosida olib borilayotgan “Dolzarb 20 kun” tezkor maxsus-profilaktik tadbirlari munosabati bilan tashkil etilgan ishchi guruh faoliyati ham koʻzdan kechirildi va guruh aʼzolariga mazkur tadbirlarning mazmun-mohiyati va tizimdagi ahamiyati tushuntirilib, amalga oshirilishi lozim ishlar boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bundan tashqari, dolzarbiligi boʻyicha oldingi oʻrinlarda boʻlgan kiberxavfsizlik yuzasidan viloyat hududida olib borilgan chora-tadbirlar, targʻibot va tashviqot ishlarini tahlil etish maqsadida tashrif ishtirokchilari “Xavfsiz kibermakon” shtabida boʻlishdi.
Ayni sohada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami koʻzdan kechirilib, fuqarolar bilan targʻibot ishlarini kuchaytirish lozimligi uqtirildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati









