Insonparvarlik tamoyili. Yana bir imkoniyat
2025-09-22 19:50:00 / Yangiliklar

Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha jami 18 nafar shaxs jazodan ozod qilingan edi. Shulardan hududiy probatsiya hisobidagi 7 nafar shaxs jazoni oʻtashdan toʻliq ozod etilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimlari hisobiga oʻtkazilgan boʻlsa, 6 nafari jazoni oʻtash manzil koloniyasidan ozod etilgan. Jazoni oʻtash muassasalaridagi 5 nafar shaxsning jazo muddati qisqartirilgan.
- Ayni kunlarda afv etilganlarning jamiyatga moslashishini tashkil etish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, bir martalik moddiy yordam puli berish, ishga joylashtirish, shuningdek, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-ruhiy tomondan qoʻllab-quvvatlash ishlari amalga oshirilmoqda. Yaqinda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati hamda bir qator mutasaddi davlat tashkilot va idoralarining vakillari bilan birgalikda afv etilganlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ularning murojaatlari boʻyicha koʻtarilgan masalalarni hal etish yuzasidan tegishli masʼullarga topshiriqlar berildi. Shu kunning oʻzida 4 nafar shaxsning ishga joylashishi uchun yoʻllanma berildi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX Probatsiya boʻlimi MTB inspektori, mayor Bahodir Nurjanov.
- Ozodlik degan neʼmatning qanchalik qadrli ekanligini tushunib yetdim, qilmishimdan juda pushaymonman. Afv etilganlar qatorida bugun tumandagi fermer xoʻjaligiga ishga joylashtirishdi. Endilikda toʻgʻri yoʻldan yurib, halol mehnat qilib, el-yurtga nafim tegishi uchun chin dildan xizmat qilishni niyat qilganman, — deydi afv etilganlardan biri.
Albatta, biz ham ularning oʻzlariga berilgan imkoniyatdan xulosa chiqargan holda hayotda munosib oʻrnini topib ketishiga umid qilib qolamiz.
Azamat PIRNIYAZOV, oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
