Namangan viloyati IIB ishchi guruhi tomonidan Norin va Uchqoʻrgʻon tumanlarida tungi oʻrganishlar olib borildi
2025-09-22 15:35:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi tinchligini taʼminlash, jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini mustahkamlash maqsadida bir qator tumanlarda tungi oʻrganish ishlari olib borildi.
Boshqarma boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh Norin va Uchqoʻrgʻon tumanlarida boʻlib, xizmat olib borayotgan xodimlar faoliyati, aholi osoyishtaligini saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda muhim obyektlar qoʻriqlanishi holatini oʻrgandi.
Norin tumanida paxta qabul qilish maskanlarida texnika xavfsizligi chora-tadbirlari koʻrib chiqilib, paxta tashuvchi haydovchilar va maskan xodimlariga yongʻin xavfsizligi hamda harakat xavfsizligiga rioya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, “Norin” YPX maskanining faoliyati oʻrganilib, noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi choralar belgilab olindi.
Uchqoʻrgʻon tumanida esa muhim toifadagi obyektlarning qoʻriqlanish holati, shuningdek “Koʻprikboshi” va “Shodlik” mahallalaridagi “Huquq-tartibot maskanlari” faoliyati koʻzdan kechirildi. Mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Viloyat boʻylab bu kabi profilaktik tadbirlar muntazam ravishda davom ettirilmoqda. Ichki ishlar organlari uchun eng ustuvor vazifa — aholi xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikning oldini olishdir.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









