IIV rahbariyati tomonidan Buxoro viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish va xavfsizlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi
2025-09-21 14:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari polkovnik Ayubxon Raxmatullayev huzurida Respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz hudud dolzarb 20 kunlik” tezkor maxsus profilaktik tadbiri davomida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar muhokama qilindi.
Videokonferensaloqa tizimi orqali oʻtgan yigʻilishda boshqarma boshligʻi, oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlar rahbariyati hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Tanqidiy tahliliy-tarzda oʻtgan muhokamada dastlab, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida viloyat hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Buxoro viloyati hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar tinchligi hamda xavfsizligini taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida hamkorlikda qoʻshma qaror qabul qilinib, uning ijrosi yuzasidan ishlar boshlandi.
Jarayonda 2025-yil yakuniga qadar Buxoro viloyatida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga doir mahalla, tuman-shahar, xizmat soha hamda viloyat kesimida ishlab chiqilgan yoʻl xaritalari, shuningdek, yangi loyihalar, kuch vositalar va moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash boʻyicha qilingan takliflar muhokama qilindi.
Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari bildirilgan taklif hamda mulohazalarga nisbatan oʻzining tavsiyalarini berib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklardan zaruriy xulosa chiqarib, berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarish, fuqarolar xavfsizligi hamda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Birinchi navbatda har bir ichki ishlar organi xodimining oʻzi xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xizmatga va xalqiga sadoqatli boʻlishi lozimligini yana bir bor taʼkidlab oʻtdi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari, yuqori va quyi tizim rahbarlariga, xodimlarning oilaviy sharoiti va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh kadrlarni tarbiyalashda ustoz-murabbiy anʼanalarini yanada keng tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi.
Yigʻilish yakunida koʻtarilgan har-bir masala yuzasidan tegishli sohaviy xizmatlar masʼullari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, har bir topshiriqni bajarib axborot berish, bunda rahbarlar qoʻl ostidagi shaxsiy tarkibning kundalik vazifalarini toʻgʻri taqsimlagan holda nazorat qilishlari yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati





