Probatsiya xizmati. Yoʻldan adashmasin endi hech biri
2025-09-21 23:00:00 / Yangiliklar

Yakkabogʻ tumani IIB JXX Probatsiya guruhi hisobida hozir 395 nafar nazoratdagi shaxs boʻlib, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va bartaraf qilish doimiy diqqat markazida.
Joriy yilning oʻtgan davrida nazoratdagi shaxslarning 56 nafariga moddiy yordam olishiga koʻmaklashildi. 6 nafari qayta kasb-hunarga oʻqitilib, 111 nafari ishga joylashtirildi. 56 nafariga sogʻligʻini tiklashda amaliy yordam koʻrsatildi.
Jumladan, bandlik va mehnat organlari bilan hamkorlikda 20-marta “Ishga marhamat” tadbirlari oʻtkazilib, 43 nafar nazoratdagi shaxsning ishga joylashishi taʼminlandi.
Joriy yilning oʻtgan davrida 15 nafar nazoratdagi shaxs jazoni oʻtash tartibi va shartlarini buzgani uchun sud hukmi bilan ularga tayinlangan jazolar ogʻirroq jazo turlariga almashtirildi, — deydi Probatsiya guruhi inspektori, mayor Husniddin Abdurahmonov. — Xuddi shuningdek, yashash joyidan nomaʼlum tomonga qochib yashiringan 3 nafar mahkum ushlanib, jazo muqarrarligi taʼminlandi.
Davlatimiz rahbarining “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Yakkabogʻ tumanida yashovchi jazo muddatini oʻtayotgan hamda afv etilgan 2 nafar shaxs bilan hozirda tegishli profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bir martalik moddiy yordam puli berilib, ular tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shu bilan birga, ijtimoiy va maishiy muammolari oʻrganilib, hal etish choralari koʻrilmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Sodiq Rahimov, Qashqadaryo viloyati.
