Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri yoshlar bilan uchrashuv va xizmat faoliyati yuzasidan majlis oʻtkazdi
2025-09-20 11:15:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyor Torebekov universitet talabalari bilan uchrashdi. Tadbirni universitetning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Saxavaddin Alauatdinov ochib berdi. Uchrashuvda vazir yoshlarga Prezident tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligini taʼkidladi hamda ayrim talabalar tomonidan huquqbuzarlikka yoʻl qoʻyilayotgan holatlarni tanqid qildi. Shu munosabat bilan profilaktika ishlarini kuchaytirish va masʼul xodimlarga tegishli koʻrsatmalar berildi. Uchrashuv yakunida vazir talabalarning taklif va muammolarini tinglab, amaliy yordamga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, “Muhim 10 kunlik” kompleks tezkor-profilaktik tadbiri doirasida videoselektor majlisi oʻtkazilib, huquqbuzarliklarning oldini olish choralari muhokama qilindi. Qizil toifadagi mahallalarda qoʻshimcha naryadlar joylashtirish, xavfsizlikni taʼminlash hamda xizmatda kamchilikka yoʻl qoʻygan xodimlarga ogohlantirishlar berish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati









