IIV Akademiyasida dual taʼlim: amaliyot va ustozlik samara bermoqda
2025-09-19 19:10:00 / Yangiliklar

Zamonaviy taʼlimda dual tizim asosida oʻqitishning afzallik jihatlari ortib bormoqda. Bunday yondashuv yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, amaliyot uchun malakali kadrlar tayyorlashda yuqori samara bermoqda.
Joriy oʻquv yilidan boshlab IIV akademiyasida ham dual taʼlim tizimi keng tatbiq qilindi. Hozirda kunduzgi taʼlim kursantlari nazariy bilimlar bilan birga, ichki ishlar organlarida zarur amaliy koʻnikmalarni egallab kelishmoqda. Bunda har bir kursantga tajribali murabbiy biriktirilgani va ularning xodim yordamchisi sifatida amaliyot oʻtayotgani taʼlim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Oʻquv dargohi boshligʻi Rustam Xatamov yangi tizim imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida boʻldi. Masʼullar bilan muloqot jarayonida dual taʼlimning oʻziga xos xususiyatlari, kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning kundalik faoliyatini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
“Dual tizimda kadrlar tayyorlash masalasiga Prezidentimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu paytgacha kursantlarimiz bazaviy amaliyot mashgʻulotlari orqali zarur koʻnikmalarni egallab kelayotgan edi. Bu yildan yangi tizimni keng joriy qilib, nazariya va amaliyot uygʻunligi imkoniyatlarini yanada kengaytirdik”, – dedi akademiya boshligʻi.
Muloqot chogʻida amaliyot murabbiylariga tavsiyalar berildi. Bugun taʼlim olayotgan yoshlar ertangi tayyor mutaxassis ekanligi, har bir xodim ustoz-shogirdlik asosida oʻzining boy tajribasini kursantlarga oʻrgatib borishi, yoshlar taqdiriga masʼuliyat va javobgarlik hissi bilan yondashishi lozimligi taʼkidlandi.
Shundan soʻng akademiya boshligʻi “Oltinkoʻl” mahallasiga borib, “mahalla yettiligi” faoliyatini oʻrgandi. Fuqarolar yigʻini vakillari bilan suhbatlashib, aholi bilan manzilli ishlash, ularning bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
“Yurtimizdagi har bir mahalla islohotlar markaziga aylanib bormoqda. Sizlarning hamjihatlikdagi faoliyatingiz natijasini, avvalo, shu yerdagi yurtdoshlarimiz sezishi kerak. Obodlik hukm surgan, jinoyat sodir boʻlmagan mahallada odamlar osuda turmush kechiradi. Shu bois, mahallaning kriminogen vaziyatini yaxshilash hamisha ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi”, – dedi akademiya boshligʻi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati






