Yoshlar — kelajak bunyodkori. Shijoatning yutugʻi
2025-09-17 23:00:00 / Yangiliklar

Qoʻngʻirot tumani IIB HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Daoʻletbay Tatenov IIV Akademiyasini tamomlagach, ilk xizmat faoliyatini Qoʻngʻirot tumanida boshlagan. Uning keng jamoatchilik bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlari tufayli “Berdaq” makon fuqarolar yigʻini “sariq” toifadan “yashil” toifaga oʻtdi. Shu bilan birga, u yaqinda oʻtkazilgan “Eng yaxshi profilaktika inspektori” tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida faxrli 1-oʻringa munosib deb topildi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda “Berdaq” makon fuqarolar yigʻinida 2800 nafardan ortiq aholi istiqomat qilib, ularning aksariyati asosan chorvachilik va parrandachilik bilan shugʻullanib keladi. Oʻtgan vaqt mobaynida profilaktika inspektori tomonidan hududda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida “xonadonbay” va “mahallabay” ishlash tizimi asosida aholining turmush sharoitini oʻrganish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Aniqlangan muammo va murojaatlar yuzasidan xulosalar tayyorlanib, fuqarolar yigʻini faollari bilan yechimi topish choralari koʻrib kelinmoqda.
Shuningdek, nizoli oilalar bilan targʻibot-tushuntirish ishlari olib borilib, yarashtirish orqali oilaviy muhit mustahkamlanishiga erishilmoqda. Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 14 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan.
Voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida hududdagi 40- va 42-sonli umumtaʼlim maktabida oʻquvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, jinoyatchilikning salbiy oqibatlarini tushuntirish ishlari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash yuzasidan seminar-treninglar oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyilgan. Yaqinda foydalanishga topshirilgan Workout maydonchasi doim yoshlar bilan gavjum boʻlib, bu yerda turli sport musobaqalari oʻtkazib kelinadi.
- Albatta, har qanday muvaffaqiyat ortida tinimsiz mehnat turadi. Hududdagi xonadonlarni oʻrganib, muammolarni oʻz vaqtida hal etishga, imkon darajasida yordam berishga intildim. Aholi bilan iliq munosabat oʻrnatishimda makon fuqarolar yigʻini raisi Azat Saburovning yordami katta, — deydi katta leytenant Daoʻletbay Tatenov.
Azamat Pirniyazov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
