Yoshlar — kelajak bunyodkori. Zakovatli tergovchi
2025-09-15 23:00:00 / Yangiliklar

Har qanday jinoyat ishi ortida odam taqdiri turadi. Shu bois tergovchi zimmasiga yuklangan masʼuliyat ham nihoyatda katta. Yosh va isteʼdodli tergovchilardan biri Surxondaryo viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tergov guruhi katta tergovchisi, katta leytenant Jaloliddin Xurramov buni chuqur his etadi.
Jaloliddin bolaligidanoq harakatchan, intizomli va bilimga chanqoq boʻlib oʻsdi. 2020-2023-yil-larda IIV Akademiyasida tahsil olib,huquqshunoslik sohasining sir-asrorlarini puxta oʻrgandi. Akademiyani muvaffaqiyatli yakunlab, dastlabki faoliyatini Denov tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimida boshladi.
Keyinchalik Angor tumani IIBda xizmat qilib, oʻziga ishonib topshirilgan har bir ishni vijdonan bajarishi bilan alohida eʼtirofga sazovor boʻldi.
Voyaga yetmagan X.S. ijtimoiy tarmoq orqali Salim Haqqulovning (ism-sharifi oʻzgartirildi) fuqarolik pasporti nusxasini qoʻlga kiritadi. U ushbu hujjat egasi nomiga uyali aloqa kompaniyasining bir nechta sim kartalarini sotib olib, ushbu sim kartalar orqali telegramda akkaunt ochib, OLX tarmogʻiga telefon sotuvga qoʻyib, odamlarga oʻzini Salim Haqqulov deb tanishtiradi va xaridorlarning ishonchiga kirib, ulardan pul undiradi. X.S. Surxondaryo viloyatida yashovchi oʻndan ortiq fuqaroni shu tarzda chuv tushiradi va pullarini olib, oʻz ehtiyojiga sarflab yuboradi.
Ushbu koʻp epizodli jinoyat ishi tafsilotlarini oydinlashtirish Jaloliddinning zimmasiga yuklangach, u sinchkovlik bilan barcha holatlarni oʻrganib chiqdi. Va bu ishni amalga oshirgan X.S.ning barcha kirdikorlarini tosh qiladi.
Jaloliddin Xurramovning xizmat jarayonidagi asosiy yoʻnalishlari firibgarlik, kiberjinoyatchilik, yoʻl-transport hodisalari, tan jarohati yetkazish kabi turli jinoyat ishlarini xolisona tergov qilishdan iborat. Uning ish uslubida izchillik, sabr-toqat va oʻtkir zakovat yaqqol koʻzga tashlanadi.
Yoshligidan sport bilan shugʻullangan va Oʻzbekiston chempioni maqomiga ega boʻlgan Jaloliddin karate mashgʻulotlari orqali oʻzida iroda va qatʼiyatni shakllantirgan.
Bugungi kunda ana shu fazilatlar uning kasbiy faoliyatida ham muhim omilga aylangan.
2024-yilda viloyatda oʻtkazilgan “Eng yaxshi tergovchi” koʻrik-tanlovida 3-oʻrinni, joriy yilda esa 1 -oʻrinni qoʻlga kiritgani uning kasbiy mahoratidan darak beradi.
Katta leytenant Jaloliddin Xurramov yosh boʻlishiga qaramay, oʻz ishining ustasi. U metin irodasi, chuqur bilimdonligi va zakovati orqali qonun ustuvorligi taʼminlanishiga munosib hissa qoʻshmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Feruza Rahmonqulova, Surxondaryo viloyati.
