IIV Akademiyasi boshligʻi magistraturaga qabul qilingan tinglovchilar bilan muloqot qildi
2025-09-15 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi islohotlar jarayonida ichki ishlar organlari oldida turgan dolzarb vazifalar, tizimning faoliyat samaradorligini oshirishda rahbarlarning oʻrni va masʼuliyati, zamonaviy boshqaruv kadrlarini tayyorlashdan koʻzlangan ustuvor maqsadlar uchrashuvning asosiy mavzusi boʻldi.
Tadbir avvalida muhtaram Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli erishilayotgan ijobiy natijalar, xalqimiz hayotidagi yangilanishlar eʼtirof etildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda kechayotgan oʻzgarishlarni kechagi kun bilan taqqoslab boʻlmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning shiddati va surʼati oldimizga qatʼiy talablarni qoʻymoqda.
Zamonaviy rahbar boʻlishga intilayotgan tinglovchilar shunga tayyor boʻlishi, yetuk bilim salohiyati bilan barcha mezonlarga javob berishi kerak.
Akademiya boshligʻi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan magistraturaning tashkil qilingani tizim uchun zamonaviy boshqaruv kadrlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Taʼlim samaradorligini oshirish maqsadida oʻquv jarayonlari yildan yilga takomillashtirib borilayotgani, ilgʻor yondashuvlar tatbiq qilinayotganini alohida qayd etdi.
– Bugunning rahbari kundalik faoliyatini samarali tashkil etish bilan birga, oʻz oldiga strategik maqsad va vazifalar qoʻyishi, ularni amalga oshirishda yuksak boshqaruvchanlik salohiyatini namoyon etishi kerak.
Magistraturada joriy qilingan oʻquv modullari tinglovchilarning rahbarlik kompetensiyalarini shakllantirib borishga yoʻnaltirilgan.
Shu bois, har bir tinglovchi zamonaviy bilim va koʻnikmalarni puxta egallab, islohotlar talabiga mos kadr boʻlib yetishishi zarur, – dedi oʻquv dargohi rahbari Rustam Xatamov.
Muloqot davomida rahbarlikning eng muhim tamoyillari, ichki ishlar organlari faoliyatini boshqarish, xalq bilan samarali muloqot qilish omillari xususida tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, joriy oʻquv yilida belgilab olingan ustuvor maqsad va vazifalar aytib oʻtilib, tinglovchilarga xizmat intizomi boʻyicha talablar yetkazildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati





