IIV Akademiyasiga yana bir guruh xorijlik yoshlar oʻqishga qabul qilindi
2025-09-14 10:45:00 / Yangiliklar

Yangi Oʻzbekistonda taʼlimga yoʻnaltirilgan islohotlar samarasida yurtimizga kelib oʻqiyotgan chet ellik yoshlar soni yildan-yilga koʻpaymoqda.
Oʻtgan yili IIV Akademiyasida xorijiy kadrlarni oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyilib, 6 nafar tojikistonlik yoshlar oʻqishga qabul qilingan edi. Joriy yil ular safiga yana 12 nafar qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikiston vakillari qoʻshildi. Ayni paytda kursantlar zamonaviy imkoniyatlardan unumli foydalanib, tanlagan ixtisosliklari boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallab kelishmoqda.
Yangi oʻquv yili avvalida akademiya boshligʻi Rustam Xatamov ular bilan ochiq muloqot qildi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va qardosh ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar, muhtaram Prezidentimiz tomonidan taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, ayniqsa ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida akademiyada yoʻlga qoʻyilgan taʼlim jarayonlari xususida soʻz bordi.
– Keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlarida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida yaqin qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillari mustahkamlandi. Mintaqa yetakchilarining qatʼiy saʼy-harakati va oqilona siyosati tufayli koʻplab muammolar hal etildi. Bugun mintaqamizda hukm surayotgan barqaror muhit mamlakatlarimiz taraqqiyoti, xalqlarimiz farovonligi, yoshlarimiz salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, koʻplab sohalarda yangi imkoniyatlarni ishga solish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, istiqbolli rejalarni amalga oshirishga mustahkam zamin yaratmoqda, – dedi akademiya boshligʻi.
Muloqot davomida kursantlarga oʻquv dargohining shonli tarixi, oʻtgan davr mobaynida erishgan yutuqlari, maskanda taʼlim olgan faxrli bitiruvchilar, shu bilan birga, keyingi yillarda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar, taʼlim jarayoniga tatbiq qilingan ilgʻor yondashuvlar, kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Yoshlar katta avlod vakillari bosib oʻtgan sharafli yoʻlni munosib davom ettirishlari lozimligi qayd etildi.
– Yosh avlod har bir mamlakatning ertangi kuni, taraqqiyotini belgilaydi, – dedi akademiya boshligʻi. – Sizlar kasbiy bilimlarni puxta egallab, yuqori malakali mutaxassis boʻlishingiz lozim. Kelgusida erishgan har bir yutugʻingiz akademiyamiz, shu dargohda sizlarga taʼlim bergan ustozlaringizning yutugʻi ekanligini unutmang. Aytish joizki, keyingi yillarda akademiyamizning turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan xalqaro hamkorlik aloqalari jadal surʼatlarda rivojlanib bormoqda. Siz kabi yoshlarning Oʻzbekistonda taʼlim olishingiz ham bu yoʻldagi saʼy-harakatlarning amaliy ifodasidir.
Oʻquv dargohi rahbari kursantlarning taklif va mulohazalarini ham tingladi. Yoshlarga oʻquv va xizmat intizomiga ogʻishmay rioya qilish, faol va tashabbuskor boʻlish, ustoz-shogirdlik anʼanalaridan oqilona foydalanish yuzasidan tavsiyalar berdi. Oʻz navbatida, kursantlar zamonaviy imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini bildirib, faqat aʼlo baholarga oʻqishga vaʼda berdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






