Surxondaryo viloyati Termiz tumanida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasidagi ishlar oʻrganildi
2025-09-14 10:25:00 / Yangiliklar

Bugun Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan Termiz tumanidagi “Ayritom” hamda “Istiqlol” mahallalariga tashrifi davomida, amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirib, mahalla yettiligi aʼzolari ishtirokida uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida, mahalla hududida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik, mahallani xavfsiz hududga aylantirish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, aholi koʻp toʻplanadigan joylarni kameralashtirish, ishsizlar sonini kamaytirish, fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboni boʻlib qolishining oldini olish, tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda ruhiy kasallar bilan ishlash borasida ishlab chiqilgan yoʻl xaritasi ijrosi oʻrganildi.
Shuningdek, jamoat tartibini mustahkamlash, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash va jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga alohida urgʻu berildi. Viloyat IIB boshligʻi ushbu yoʻnalishlarda olib borilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.
Shu bilan birga Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori ijrosi, ijtimoiy profilaktika hamda mahalla yettiligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar ham oʻrganilib, bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Uchrashuv davomida, tuman hamda viloyat IIBdan biriktirilgan masʼullarga mahallalarda fuqarolar xavfsiz yashashlari uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi aytilib, mahalla hududini xavfsiz maskanga aylantirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
Shundan soʻng, boshqarma boshligʻining oʻrganish manzili Termiz tumani Ichki ishlar boʻlimi Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi binosi boʻlib, u yerda bino va hududning tozaligi, fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, tegishli ish hujjatlari koʻzdan kechirilib, tuman IIB JXX Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi katta inspektorining tuman hududida yoʻl transport hodisalarining oldini olish yuzasidan taqdimoti tinglandi.
Boshqarma boshligʻi tomonidan aniqlangan kamchilliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan tuman IIB masʼullariga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati







