Fargʻona viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvining yakunlari sarhisob qilindi
2025-09-13 18:00:00 / Yangiliklar

Belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona viloyatining barcha tuman va shaharlari ichki ishlar boʻlimlarining faoliyati bilan tanishildi.
Oʻrganishlar jarayonida asosiy eʼtibor jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, shaxsiy tarkib oʻrtasida kasbiy bilim, jismoniy va jangovar shaylik hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligini oshirish, surishtiruv va tergov jarayonlarini qonuniy tashkil etish hamda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash masalalariga qaratildi.
Jumladan, viloyat hududidagi 1015 ta mahallalardan 83 tasi yoki 8,2 foizi “qizil” toifadagi mahallalarni tashkil etayotgani, bu koʻrsatkich Quva va Dangʻara tumanlari hamda Margʻilon shahrida yuqoriligicha qolayotgani, shuningdek Yozyovon, Quva va Toshloq tumanlarida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning soni koʻpayganligi tanqid ostiga olindi.
Bu borada chegara hududlaridagi vaziyat ham tahlil qilindi. Ishchi guruh tomonidan Fargʻona viloyatning qoʻshni davlatlar bilan chegara hududlaridagi mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash masalalari oʻrganildi, muammoli hududlarga qoʻshimcha kuch-vositalarni jalb etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Oʻrganishlar yoshlar masalalariga ham bogʻliq boʻldi. Xususan, Furqat tumanidagi xususiy maktablarning faoliyati bilan tanishilganda, pedagoglar va oʻquvchi-yoshlar bilan muloqot oʻtkazildi. Jarayonda bolalar xavfsizligini taʼminlashga yetarlicha eʼtibor berish, sanitar holat hamda yongʻin xavfsizligi talablari qayta koʻrib chiqilishi yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan Qoʻqon shahridagi “Nurafshon” va Fargʻona shahridagi “Maʼrifat” mahallalari misolida, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Mahalla yettiligi aʼzolari bilan suhbat oʻtkazildi. Koʻp qavatli uylarning yoʻlaklari va koʻchalar, yoʻl infratuzilmasining holati koʻzdan kechirildi. Mahallani raqamlashtirish jarayonlari tahlil qilindi. Aholi bilan muloqot oʻtkazilib, ularning taklif va murojaatlari eshitildi.
Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhining Fargʻona viloyatidagi kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlariga bagʻishlangan tanqidiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda ichki ishlar vazirligi rahbariyati, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari va oʻrinbosarlari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda ichki ishlar organlari xizmatining joriy holati, faoliyat samaradorligi, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi, xizmat intizomi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar toʻliq tahlil qilindi.
Tadbir jarayonida xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida eʼtirof etilgan rahbar xodimlar, jumladan, Soʻx tumani IIB boshligʻi, Beshariq tumani ichki ishlar boʻlimi Probatsiya guruhi katta inspektori, Qoʻqon shahar ichki ishlar boshqarmasi katta tezkor vakili, Bagʻdod tumani ichki ishlar boʻlimi profilaktika katta inspektori, Fargʻona shahar ichki ishlar boshqarmasi katta tezkor vakili, Tashkiliy boshqarma kotibiyat boshligʻi, Quva tumani ichki ishlar boʻlimi murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan munosib ragʻbatlantirildi.
Shu bilan birga, faoliyati davomida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir guruh rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻrildi.
Inspektorlik tekshiruvi natijalariga koʻra, viloyat hamda tuman-shahar boʻlinmalarining moddiy texnik taʼminoti kuchaytirilishi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida masʼul rahbarlarning axborotlari tinglandi, takliflar koʻrib chiqildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.









