Ehtirom. Yorugʻ yuz bilan
2025-09-12 23:00:00 / Yangiliklar

Koʻpchilik ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib, yuqori unvon va masʼul lavozimlarda faoliyat olib borib, yorugʻ yuz bilan pensiyaga chiqishni orzu qiladi.
Kuni kecha IIV Migratsiya va personallashtirish departamentida ham masʼul lavozimlarda faoliyat yuritgan ikki nafar xodimni pensiyaga kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirni departament boshligʻi, polkovnik Ulugʻbek Tashxodjayev kirish soʻzi bilan ocharkan, boshliqning birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan polkovnik Shuhrat Xodjayev hamda boʻlim boshligʻi, podpolkovnik Burxon Akramovlar xizmat faoliyati haqida iliq fikrlarni bildirdi.
Polkovnik Shuhrat Xodjayev qariyb 30-yil aynan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish yoʻnalishida xizmat qilgan. Dastlab IIV JTSX xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida faoliyatini boshlagan Sh.Xodjayev Uchtepa, Chilonzor tumanlari Toshkent shahar IIBB hamda Sirdaryo viloyati IIB XCHK va FRB boshligʻi lavozimlarida sidqidildan xizmat qildi.
Sohaga qoʻshgan hissasi va fidokorona xizmati munosib eʼtirof etilib, Prezidentimizning farmoniga koʻra, 2022-yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
Podpolkovnik Burxon Akramov ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini IIV Yongʻin xavfsizligi oliy texnik maktabida oʻqituvchilikdan boshlagan. 2012-yilda esa IIV XCHK va FRBga oʻtkazilib, to pensiyaga kuzatilguniga qadar ushbu dargohda xizmat faoliyatini yuritdi, bir necha shogirdlarga ustozlik qildi.
Tadbirda ikki fidoyi xodimning hamkasblari hamda shogirdlari samimiy tilaklarini izhor etishdi.
Oʻz navbatida, Sh.Xodjayev va B.Akramov ham bunday eʼtibor uchun departament rahbariyatidan minnatdorliklarini bildirishdi.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.
