Namangan viloyati rahbariyati tomonidan Davlatobod va Mingbuloq tumanlarida jinoyatchilik ahvoli muhokama qilindi
2025-09-12 09:00:00 / Yangiliklar

Mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish, jinoyatdan holi hududlarni shakllantirish va bu yoʻnalishdagi Prezident qarorlarining ijrosini taʼminlash ichki ishlar organlari xodimlarining eng ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.
Davlatobod tumanidagi “Madaniyat markazi” va Mingbuloq tuman hokimligida Namangan viloyati IIB boshligʻi tomonidan ichki ishlar boʻlimlari xodimlarining joriy yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati va tumandagi jinoyatchilik ahvoliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Unda ushbu tumanlar hokimligi, prokuraturasi, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda tuman IIB xodimlari, shuningdek sohaga daxldor idoralar vakillari tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda PQ-1-son va PQ-253-son qarorlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Aniqlangan kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼullar qatʼiy ogohlantirildi va ularga kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati






