IIV Akademiyasida turkiyalik mutaxassislar ishtirokida kiberjinoyatlarga qarshi kurash boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi
2025-09-12 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 8–11-sentyabr kunlari IIV Akademiyasida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi koʻmagi bilan navbatdagi mashgʻulotlar tashkil qilindi.
Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi samarali kurashish va mazkur yoʻnalishda ilgʻor tajribalarni oʻrganish oʻquv kursidan koʻzlangan asosiy maqsad boʻldi.
Ichki ishlar organlarining kiberxavfsizlik, tergov boʻlinmalari xodimlari, IIV akademiyasi va Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari uchun tashkil etilgan mashgʻulotlar Turkiya Respublikasi IIV Xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borildi.
Unda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda ochiq manbalardan foydalanish, raqamli dalillar bilan ishlash, kriptotranzaksiyalarni kuzatish, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarga tezkor javob qaytarish va boshqa dolzarb yoʻnalishlar yuzasidan bilimlar mustahkamlandi. Yakunda tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Aytish joizki, turkiyalik mutaxassislar akademiya faoliyati bilan tanishish maqsadida oʻquv binolari, maxsus jihozlangan avtotransport vositalari, sport majmuasi va boshqa maskanlarda ham boʻlishdi. Taʼlim jarayoniga tatbiq qilingan zamonaviy yondashuvlarni koʻzdan kechirib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









