Qashqadaryo viloyatida profilaktika inspektorlari malakasini oshirishga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda
2025-09-11 12:05:00 / Yangiliklar

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari rahbarlari tomonidan shahar va tumanlarda profilaktika inspektorlari tomonidan kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, huquqbuzarliklarga barham berish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida tushuntirish va targʻibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Viloyatning Kitob, va Nishon tuman ichki ishlar boʻlimlarida boʻlib oʻtgan tadbirlarda boshqarma jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi, xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshliq oʻrinbosari, boshqarma Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati boshligʻi, boshqarma Axborot xizmati rahbari va profilaktika inspektorlari ishtirok etib, kun tartibidagi mavzular boʻyicha maʼruzalar qilishdi.
Tadbirda huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Nurilla Omonov mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini hamda qonun ustuvorligini taʼminlashda har bir xodim bilim va malakasini oshirishi, qonunchilikdagi yangiliklar va meʼyoriy hujjatlarni oʻqib-oʻrganib borishi lozimligini taʼkidladi. Oʻz navbatida bu jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlab, osoyishta turmushga zamin hozirlashini bildirdi.
“Sogʻlom oila-yurt kelajagi” mavzusida maʼruza qilgan boshqarma huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Zamira Rustamova oilalarda maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, nizolarni hal etish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka barham berish choralarini koʻrish yuzasidan profilaktika inspektorlariga yoʻriqnomalar berdi.
Profilaktika inspektorlariga xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, “Himoya orderi” berish tartiblari»ni batafsil tushuntirdi.
Yigʻilishda boshqarma Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati boshligʻi katta leytenant Dilafroʻz Majidova “E-material” elektron tizimida jinoyat va hodisalar haqidagi ariza hamda xabarlarni ijrosini belgilangan muddatlarida amalga oshirish, natijalarini tizimga toʻliq va sifatli yuklash, shuningdek Integrallashgan maʼlumotlar banki elektron tizimida profilaktik hamda roʻyxat hisobiga olish tartibi toʻgʻrisida ishtirokchilarga maʼlumot berdi.
Boshqarma Axborot xizmati rahbari, podpolkovnik Iroda Rasulova ishtirokchilarga “Ijtimoiy tarmoq faollari, bloger va jurnalistlar bilan muloqot asoslari va muomala madaniyati” mavzusida maʼruza qildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolar bilan munosabatda xushmuomala, iltifotli, odobli, eʼtiborli, sabr-toqatli boʻlishi, ularni hurmat qilishi shart. Xizmat olib borayotgan har bir xodim biron-bir fuqaro yoki ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoq aʼzo(bloger)lari xizmat faoliyatini suratga yoki video tasvirga olayotgan holatida unga qarshilik qilmaslik lozimligini, mabodo holat yuzasidan maʼlumot soʻraganda boshqarma axborot xizmatiga murojaat qilishi lozimligi xususida batafsil maʼlumot berdi
Yakunda mavzular doirasida ishtirokchilarning savollariga javoblar berildi.
Oʻquv mashgʻulotlari davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati







