Mustaqillik timsoli ostida Vatanga sadoqat qasamyodi — Yangi Oʻzbekiston yoshlarining maʼnaviy kamolot va vatanparvarlikka sadoqat baxshida qilingan kun
2025-09-10 08:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34-yilligi bayrami ortidan Vatanimiz istiqlolining timsoli boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” majmuasidagi Mustaqillik monumenti poyida boʻlib oʻtgan ushbu muhim marosimda oʻziga xos yuksak maʼno mujassam boʻldi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, sohaviy xizmatlar va Akademiya rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning masʼullari, qator davlat organlaridan mehmonlar, soha faxriylari, bitiruvchilarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Marosimda, Ichki ishlar vaziri, ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishdagi yutuqlar, zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib,
– Ilmu maʼrifatning beshigi sanalgan tabarruk zaminimizdan dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar, milliy davlatchiligimiz ildizlariga asos solgan jahongir sarkardalar, istiqlol yoʻlida jon fido qilgan qahramonlar yetishib chiqqanini oʻsib kelayotgan avlod vakillari bilishi va ularga munosib boʻlishga intilishi zarur.
Yangi Oʻzbekistonning istiqboli sifatida hayotga kirib kelayotgan yoshlarimiz ham ilmi, mardligi bilan buyuk ajdodlarimizga munosib avlod boʻlishlari, ona yurtimizga daxldorlik hissi bilan yashab, vatanparvarlik fazilatlarini amalda namoyon etishlari kerak, – deya taʼkidladi.
Shundan soʻng, Vazirlik Akademiyasiga qabul qilingan yigit-qizlar yuksak gʻurur va iftixor bilan Vatanga va xalqqa sadoqat bilan fidoyi xizmat qilishga qasamyod qabul qildilar. Qasamyod bu oddiy soʻzlar emas, bu – fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, mamlakat tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligini mustahkamlash borasidagi burchini va zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni vijdonan, sidqidildan bajarishga berilgan muqaddas vaʼdadir.
Zero, qasamyodiga sodiq qolgan holda Vatan tinchligi yoʻlida jon fido qilgan safdoshlarimiz haqiqiy vatanparvarlik va qahramonlik, sadoqat va fidoyilik, matonat hamda jasorat timsoli ekanligini alohida taʼkidlash lozim.
Aytish joizki, joriy yili Vazirlik Akademiyasi kursantlari safiga qabul qilingan oʻgʻil-qizlarga boshlangʻich kasbiy va jangovar-jismoniy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida oʻquv-dala sharoitida mashgʻulotlar tashkil etildi. Endi ular uch yil davomida zamon talablari darajasida taʼlim oladilar.
Kelgusi oʻquv yilidan “Tezkor-qidiruv faoliyati”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va probatsiya faoliyati”, “Ekspert-kriminalistika faoliyati”, “Jazoni ijro etish faoliyati”, “Tashkiliy-shtab faoliyati”, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash”, “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” hamda “Terrorizmga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishlariga boʻlingan holda oʻqishlarini davom ettirishadi.
Ushbu tantanali tadbirda oʻqishdagi yutuqlari bilan tengdoshlariga namuna boʻlayotgan iqtidorli kursantlar Vazirlik rahbariyati hamda “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi maxsus stipendiyalar bilan taqdirlandilar.
Jumladan, 2-bosqich kursanti, safdor Diyorbek Sapiyev hamda 3-bosqich kursanti, safdor Gʻolibjon Qurbonaliyev “Ichki ishlar vazirligining Jaloliddin Manguberdi nomidagi stipendiyati” faxriy yorligʻi bilan, shuningdek 2-bosqich kursantlari, safdor Iroda Azimqulova va safdor Asilbek Avezov, 3-bosqich kursantlari, safdor Zebiniso Qarshibayeva va safdor Nosir Usmonov “Ichki ishlar vaziri stipendiati” faxriy yorligʻi bilan taqdirlandilar.
Ushbu eʼtirof yoshlarning yanada shijoat bilan oʻqishiga hamda zimmalaridagi masʼuliyatni his etishiga kuchli ragʻbat boʻldi.
Shuningdek, tantanali marosimda soʻzga chiqqanlar tomonidan yoshlarning buguni va kelajak taqdiri yoʻlida yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, fidoyi va tashabbuskor yoshlar qoʻlga kiritayotgan yutuqlari eʼtirof etilib, Yangi Oʻzbekistonimiz taraqqiyoti uchun, shuningdek jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilish zarurligi taʼkidlandi.









