Yangi Oʻzbekiston — Yangi ichki ishlar organlari. Sharoiting soz boʻlsa
2025-09-09 23:00:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda Jizzax viloyati ichki ishlar organlarida keng miqyosli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xususan, viloyat IIB YHXB, Zarbdor tumani IIB, “Zomin” sogʻlomlashtirish oromgohi binolari yangidan qurildi. Viloyat IIB JTSB, “102” xizmati, Doʻstlik va Paxtakor tumanlari IIB, IIV Jizzax akademik litseyi binolari esa kapital taʼmirdan chiqarildi.
Joriy yilning avgust oyida boʻlsa Yangiobod tumani IIBning yangi binosining qurilishi boshlandi. Chunonchi, 70 sotixlik maydonda barpo etilajak ikki qavatli binoda xodimlar samarali xizmat qilishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, sport zali, yotoqxona, oshxona, avtoulovlarni saqlash joyi bunyod etiladi.
Yoʻl harakati xavfsizligi, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari hamda murojaatchilarni qabul qilish xonalari fuqarolarning kirib-chiqishi uchun qulay tarzda quriladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, hozirda tuman IIB shaxsiy tarkibi moslashtirilgan binoda qoʻnim topgan.
Bugungi kunda Gʻallaorol tumani IIB binosi ham kapital taʼmirlanmoqda. Bundan tashqari, “Qalqon” platformasini joriy qilish maqsadida tez orada viloyat IIB “102” xizmati joylashgan binoda qoʻshimcha qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.
Bular hali hammasi emas. Yaqin 2-yil ichida Baxmal tumani IIB, viloyat IIB TVBSO binolari, Tibbiyot boʻlimi uchun 4 qavatli davolash muassasasi, Zomin tumanida 100 oʻrinli Reabilitatsiya markazi qurish, qolaversa, Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi binosini kapital taʼmirlash rejalashtirilgan.
©️ “Postda” gazetasi, Alijon Abdusattorov, Jizzax viloyati.
