Sulola. Kasbga mehr qoʻyganlar
2025-09-09 09:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo tumani IIB JQB katta tezkor vakili, mayor Inoyatulla Boyigitov sulolaning kenja vakili. Uning bobosi mayor Boyigit Turdiqulov ham oʻtgan asrning 60-yillarida aynan shu tuman IIBda xizmat qilgan.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi boʻlgan otaxon oʻzining toʻgʻrisoʻzligi, qatʼiyatliligi bilan dong qozongan. Xavfli jinoyatchilarni qoʻlga olish chogʻida koʻp bora jasorat koʻrsatgan Boyigit ota 1983-yilda bu yorugʻ olamni tark etgan.
Uning oʻgʻli Abdukarim Turdiqulov ota kasbini davom ettirish maqsadida Sirdaryo tumaniga koʻchib keldi. Tizimdagi faoliyatini tuman IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimida boshladi. U Sirdaryo tumanidagi spirtli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zavodni, chegaraoldi hududlarni qoʻriqlashda jonbozlik koʻrsatdi. Oʻsha paytlari chegaradan noqonuniy ravishda yuk olib oʻtishga urinishlar koʻp boʻlardi. Abdukarim Turdiqulov ana shunday holatlarni bartaraf etishga katta hissa qoʻshgan. Xizmat faoliyati davomida koʻp bora ragʻbatlantirilgan. Katta serjant unvonida pensiyaga chiqqan.
Abdukarim aka turmush oʻrtogʻi Sofiya opa bilan ikki nafar farzandni voyaga yetkazgan. Kenjasi Ziyodulla Toshkentdagi 29-maktabda rus tili fanidan oʻquvchilarga saboq beradi. Toʻngʻichi Inoyatulla esa bolaligidan ajdodlar anʼanasini davom ettirib, dastlab Guliston shahar IIB JQB tezkor vakili lavozimiga xizmatga tez kirishib ketdi. Jinoyatchi kimsalarning qilmishini fosh etish, ularning qutqusidan begunoh insonlarni qutqarish oson jarayon emasdi, albatta.
Lekin izquvarlik mahoratini qunt bilan oʻrganayotgan inson uchun har qanday mashaqqat chikora. Inoyatulla ochgan jinoyatlar uning mahoratiga dalil sifatida koʻp bora eʼtirof etilgan.
Ularning orasida “Baxmal” mahallasida sodir boʻlgan qotillik jinoyati ustida alohida toʻxtalib oʻtish mumkin. 2022-yil kuzida Guliston shahar IIB Navbatchilik qismiga bir ayol avtomashinadan yiqilib halok boʻlgani toʻgʻrisida xabar beriladi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, u yurib ketayotgan yengil avtomobildan oʻzini tashlagan. Ogʻir tan jarohati olishi oqibatida vafot etgan.
Voqea joyiga yetib borgan Inoyatulla Boyigitovning tashabbusi bilan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanadi. Ekspertiza xulosasi juvon boshiga oʻtmas, qattiq jism bilan jarohat yetkazilishi natijasida jon berganini koʻrsatadi.
Sinchiklab surishtirishlar natijasida uni eri boshiga metall buyum bilan urib oʻldirgani aniqlanadi. Maʼlum boʻlishicha, ayol qaynonasi bilan kelisholmagan. Oʻsha kuni ham oʻrtada janjal chiqqan. Mojaroga eri ham aralashgan. U onasining tarafini olib, jahl ustida xotinining qotiliga aylangan.
Maqola tayyorlash uchun borganimizda, mayor Inoyatulla Boyigitovni qizgʻin ish ustida uchratdik. Lavhamiz qahramoni “Adolat” mahallasida yashovchi 65 yoshli fuqaro tomonidan giyohvandlik ekinini yetishtirish jinoyatini fosh etib, ushbu holat boʻyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirayotgan ekan.
Mayor Inoyatulla Boyigitov turmush oʻrtogʻi bilan birgalikda bir oʻgʻil, bir qizni voyaga yetkazmoqda. Oʻz ishiga mehr qoʻygan ushbu osoyishtalik posboni bundan keyin ham ajdodlari ishini munosib ravishda davom ettirishiga ishonamiz.
©️ “Postda” gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.
