Buxoro viloyatida jinoyatchilikning oldini olish va aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan kengaytirilgan yigʻilishlar oʻtkazildi
2025-09-05 16:10:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish, aholi osoyishtaligini taʼminlash hamda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida viloyatning bir qator shahar va tumanlarida kengaytirilgan yigʻilishlar tashkil etildi.
Yigʻilishlarda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, tuman va shahar hokimlari, huquq-tartibot organlari rahbarlari, tegishli tashkilot va korxonalar vakillari hamda ichki ishlar boʻlimlarining shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Kogon shahrida oʻtkazilgan yigʻilishda jinoyatchilik holati, ayniqsa, “qizil” toifaga kiruvchi mahallalardagi kriminogen vaziyat tahlil qilindi. Boshqarma boshligʻi tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izlar”da fosh etish, jamoat tartibini taʼminlash va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahlil etildi.
Shofirkon tumanida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tezkor yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar bilan samarali ishlash va xizmat intizomi masalalari atroflicha muhokama etildi.
Romitan tumanidagi yigʻilishda mahallalarda “xavfsiz muhit”ni shakllantirish, profilaktika inspektorlarining jamoatchilik bilan hamkorligini kuchaytirish va ijtimoiy xavfli toifaga kiruvchi shaxslar bilan individual ishlash kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Olot tumanida oʻtkazilgan kengaytirilgan muhokama yigʻilishida jinoyatlar soni, ularning sodir etilish sabab va shart-sharoitlari tahlil qilindi. Boshqarma rahbariyati jinoyatchilikning oldini olishda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki jamoatchilik va mahalliy muassasalarning hamkorligi muhim ekanini alohida taʼkidladi.
Kogon tumanida ham shunga oʻxshash muhokama yigʻilishi tashkil etildi. Jinoyatchilikning kelib chiqish omillari, profilaktika ishlarining holati va aholi bilan muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Yigʻilish yakunida aniq vazifalar belgilanib, shaxsiy tarkibga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Buxoro shahrida oʻtkazilgan yigʻilishda joriy yilning shu davriga qadar sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilindi. Mahallalardagi kriminogen vaziyat, profilaktika ishlari, xizmat intizomi va korrupsion holatlarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy koʻrib chiqildi. Yigʻilishda, shuningdek, xodimlarga qonuniylik va xizmat intizomi yuzasidan zarur talablar yetkazildi.
Xulosa oʻrnida, oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishlar davomida har bir tuman va shaharda mavjud muammolar tahlil qilinib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, aholi osoyishtaligini taʼminlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Viloyat miqyosida bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, barcha darajadagi masʼul tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash hamda profilaktika ishlarini kuchaytirish asosiy ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati








