Andijon viloyatining Izboskan tumanida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi
2025-09-05 11:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 24-avgust kuni Izboskan tumanining Taraqqiyot mahallasida sodir etilgan ogʻir turdagi jinoyatning kelib chiqish sabablari, jamiyatdagi ijtimoiy-ruhiy muhitga taʼsiri hamda profilaktik chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha Andijon viloyati IIB boshligʻi polkovnik Sanjar Djabarov boshchiligida tanqidiy muhokama yigʻilishi oʻtkazildi.
Keng jamoatchilik ishtirokida boʻlib oʻtgan muhokamada jinoyat sodir boʻlishiga olib kelgan omillar, jamiyatdagi beeʼtiborlik, profilaktik tadbirlar samarasizligi va muayyan mutasaddi organlar faoliyatidagi kamchiliklar aniq faktlar asosida tanqidiy koʻrib chiqildi.
Muhokama davomida jinoyatning oldini olish imkoni boʻlgani, lekin masalaga masʼul shaxslar oʻz vaqtida zarur choralarni koʻrmagani keskin tanqid ostiga olinib, “mahalla yettiligi” aʼzolari va boshqa masʼullar tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan oʻzlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik borasidagi fikr-mulohazalari tinglandi.
Shuningdek, oʻtkazilgan muhokamada bugungi kunda keng tus olayotgan kiberjinoyatchilik va uning turlari xususida ham atroflicha soʻz yuritildi.
Bugungi kunda fuqarolarning ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolishlarida aksariyat hollarda ularning ishonuvchanligi sabab boʻlayotganligi keskin tanqid ostiga olinib, barcha ogohlikka chaqirildi.
Shu bilan birgalikda, ota-onalar farzandlarini yonida tigʻli buyumlar olib yurishiga yoʻl qoʻymasligi, buning oqibati ayanchli yakun topishi mumkinligi hayotiy voqeliklar yordamida aytib oʻtildi.
Bundan tashqari, mahalla vakillari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga oid bildirilgan masalalar ham tinglanib, ularni hal etish boʻyicha aniq chora- tadbirlar belgilandi.
Tadbir yakunida barcha mutasaddilarga jinoyat sodir etilishini oldini olish ga qaratilgan aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati








