Ichki ishlar organlarida “Eng yaxshi tergovchi” koʻrik-tanlovining shahar bosqichi yakunlandi
2025-09-04 11:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash boʻyicha Respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Qarori ijrosi Toshkent shahar IIBB tomonidan davriy ravishda taʼminlanib kelinmoqda. Ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari xodimlarining kasbiga boʻlgan ijobiy munosabatini, oʻzaro sogʻlom raqobat sifatlarini shakllantirish, vazifalariga sidqidildan yondashuvini ragʻbatlantirish, eng yaxshilarini aniqlash, belgilangan vazifalarni aʼlo ado etishdagi xizmatlari uchun ularni munosib taqdirlash orqali ibrat koʻrsatish borasida koʻrik-tanlovlar tashkil etish yoʻlga qoʻyilgan va bu oʻz samarasini bermoqda.
Navbatdagi “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi boʻyicha koʻrik-tanlov poytaxt ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan tergov xodimlari oʻrtasida oʻtkazildi. Tumanlar kesimida oʻtkazilgan tanlovda aniqlangan 13 nafar tergov bilimdonlari shahar bosqichida sinovning beshta yoʻnalishi boʻyicha kuch sinashishdi. Bahs ishtirokchilari ijtimoiy, jangovar tayyorgarligi koʻnikmalari, IQ darajasi, individual-psixologik sifatlarini aniqlashga qaratilgan savollarga javob berdilar. Shuningdek, hakamlar har bir tergovchi tomonidan tayyorlangan xizmat jarayonlari, faoliyatidagi yutuqlarni aks ettiruvchi slayd, videorolik, fotoalbomlar bilan tanishib, yakka tartibda suhbatlar oʻtkazish orqali ishtirokchilarning bilim va malakalarini xolislik bilan baholab borishdi. Har bir sinov boʻyicha yigʻilgan ballar yigʻindisi boʻyicha 92.0 ball bilan 1-oʻrin Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi “Yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish” boʻlimi katta tergovchisi, kapitan Behzod Ibrohimovga; 90.5 ball bilan 2-oʻrin Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, katta leytenant Diyorxoʻja Xodjayevga; 3-oʻrin 86.5 ball bilan Yunusobod tumani IIO FMB 5-sonli IIB Surishtiruv guruhi surishtiruvchisi, leytenant Pokiza Otamurodovaga nasib etdi. Ular tegishli diplom va pul mukofotlari qatorida koʻrik-tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmalarni qoʻlga kiritishdi. Tergov bilimdonlarini erishilgan muvaffaqiyatlar bilan samimiy tabriklab, final bosqichida poytaxt IIBB sharafini munosib himoya qilib gʻoliblikni qoʻlga kiritishlarini tilab qolamiz.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati




