“Eng yaxshi ekspert-kriminalist” koʻrik-tanlovining Xorazm viloyati bosqichi oʻtkazildi
2025-09-04 11:25:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati IIB Ekspert-kriminalistika xizmati xodimlari oʻrtasida “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat ichki ishlar organlarining barcha ekspert-kriminalistlari ishtirok etib, oʻz bilim va mahoratini namoyish qildi.
Tanlov uch bosqichdan iborat boʻldi. Birinchi shartda ishtirokchilar belgilangan vaqtda Kalashnikov avtomati va Makarov pistoletini qismlarga ajratish hamda qayta yigʻish amaliyotini bajarishdi. Ikkinchi bosqichda maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalish, xizmat tayyorgarligi va sohaviy bilimlar boʻyicha test sinovlari oʻtkazildi. Yakuniy bosqichda esa xodimlar oʻz sohasi boʻyicha ogʻzaki savol-javob tarzida sinovdan oʻtkazildi.
Natijaga koʻra, 3-oʻrinni Hazorasp tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti, katta leytenant Sanjar Ibragimov, 2-oʻrinni Urganch shahar IIB Ekspert-kriminalistika guruhi eksperti, katta leytenant Joʻrabek Jumaniyozov egalladi. Faxrli 1-oʻrinni Urganch tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti, katta leytenant Shahzod Soliyev qoʻlga kiritdi. Koʻrik-tanlov gʻoliblariga respublika bosqichiga yoʻllanma berildi.
Mazkur tanlov ekspert-kriminalistlar bilim va malakasini oshirish, sogʻlom raqobatni shakllantirish hamda sohada malakali kadrlar safini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati









