Namangan viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi 3-safarbarlik guruhi xodimlari uchun yangi bino foydalanishga topshirildi
2025-09-04 10:05:00 / Yangiliklar

Hozirgi kunda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda aholiga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mustaqilligimizning 34-yilligi munosabati bilan Kosonsoy va qoʻshni tumanlarga xizmat koʻrsatuvchi yoʻl-patrul xizmat xodimlari uchun yangi maʼmuriy bino tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat IIB rahbariyati, tuman hokimi, faxriylar va hamkor tashkilot vakillari ishtirok etib, boshqarma boshligʻi barchani Mustaqilligimizning 34-yilligi bilan tabrikladi hamda davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar va koʻrsatilayotgan eʼtibor haqida toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, ramziy lenta kesilib, binoda yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishildi.
Mazkur maskanda xizmat faoliyatini samarali tashkil etish, xodimlarning maʼnaviy va kasbiy salohiyatini yuksaltirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu imkoniyatlar Kosonsoy va qoʻshni tumanlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning tinchligi va xavfsizligiga xizmat qiladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati







