Toʻyxat oʻrnida. El ardogʻidagi inson
2025-09-02 08:35:00 / Yangiliklar

Xizmat faoliyatini Xorazm viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimida inspektor lavozimida boshlagan leytenant Rahimboy Saparov ustozlari Boltaboy Bobojonov, Otaboy Iskandarov, Rahimboy Sultonovlarning nasihatlariga quloq tutdi. Dastlab sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qunt bilan oʻrgandi. Xizmat intizomiga qatʼiy amal qildi. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarishga intildi. Korxona va tashkilotlarda, mahallalarda oʻtkazilgan profilaktik-targʻibot tadbirlarida faol ishtirok etdi.
Viloyat IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimi boshligʻi lavozimida xizmat qilib, kadrlarni tanlash, ularning bilim va kasbiy mahoratini oshirish, ijtimoiy himoya qilish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarga munosib xizmat sharoitini yaratib berishga alohida eʼtibor berdi.
Ikki oʻgʻli — Shuhrat hamda Farhod Saparovlar ota izidan borib, ichki ishlar organlari safida xizmat qilishyapti. Inson halol mehnati, ibratli va xayrli ishlari bilan obroʻ-eʼtibor, hurmat topadi. 32 yil ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan Rahimboy Saparov ibratli hayoti davomida mehnatsevarlik, xushmuomalalik, samimiylik kabi ajoyib fazilatlari bilan koʻpchilikning havasini keltirdi.
- Shu kasb ortidan el tanidim, yurtga tanildim. Toʻgʻri, xizmatning oʻz mashaqqat-u zahmati bor. Lekin bu qiyinchilik xalqimiz tinchligini taʼminlash yoʻlida boʻlsa, ikki hissa sharafli hamda faxrli ishga aylanadi. Atrofdagilar, shogirdlar tez-tez yoʻqlab turishadi. Bundan ortiq baxt bormi? — deydi Rahimboy ota.
Xudoybergan JABBOROV, oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
